Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazi va I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali bilan hamkorlikda talabalar uchun “Inson huquq va erkinliklarini taʼminlash – Oʻzbekistondagi islohotlarning asosi” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda inson huquqlarini kafolatlash borasida amalga oshirilgan islohotlar, Ombudsman vakolatlarining kengayishi va murojaatlar bilan ishlash mexanizmlari, jumladan, qiynoqlarga qarshi kurashish borasidagi islohotlar haqida soʻz bordi.

Soʻnggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimiz farovonligi yoʻlida keng koʻlamli islohotlar olib borilmoqda. Bu islohotlar natijasida milliy davlatchiligimiz poydevori mustahkamlanib, har bir fuqaro va oila farovonligi, qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklari hamda manfaatlari taʼminlandi. Bugungi kunda mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish davlat va jamiyat faoliyatining ustuvor mezoni etib belgilangan. Fuqarolarga davlat idoralariga murojaat qilish borasida katta qulayliklar yaratilgan. Prezidentning Xalq qabulxonalari ishga tushdi, har bir tashkilot fuqarolarni qabul qilish va ularga quloq solishni oʻrgandi.

Davra suhbatida Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov Oʻzbekistonning inson huquqlarini taʼminlash borasidagi siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilayotgani, shuningdek, Oʻzbekistonning BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo boʻlgani ham tarixiy voqea sifatida baholanishini qayd etdi. Mamlakatimizda bolalar mehnati toʻliq bartaraf etilib, Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari – Bola huquqlari boʻyicha vakil faoliyati yoʻlga qoʻyilgani va uning ahamiyati haqida soʻz bordi.

Tadbirda 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida qabul qilingan 70 dan ortiq qonunlarda ham inson huquqlari ustuvorlik qilishi qayd etildi. Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston fuqarolari qayerda boʻlmasin, ularning konstitutsiyaviy huquqlari ishonchli himoya qilish maqsadida “Mehr” operatsiyalari doirasida koʻplab fuqarolar Vatanimizga olib kelindi. 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan 512 nafar fuqaro afv etildi. Ularning 316 nafari jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan, 196 nafarining jazo muddati qisqartirilgan. Ular tomonidan bilib-bilmay qilingan xatolari kechirilib, sogʻlom hayotga qaytish imkoniyati yaratildi.

-Ombudsman faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlanib, Vakil vakolatlari kengaytirildi,-deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova.- Ombudsman huzurida qiynoqlarning oldini olish boʻyicha Milliy preventiv mexanizm yoʻlga qoʻyilib, bu orqali jazoni ijro etish muassasalarida, tergov hibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarda inson huquqlarining taʼminlanishi boʻyicha jamoatchilik nazorati oʻrnatildi. Alohida qayd etish joizki, Milliy preventiv mexanizm nafaqat qiynoqlarga qarshi kurashish samaradorligining kafolati, balki xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzining yuksalishiga ham xizmat qiluvchi omildir.

Ombudsman soʻzlariga koʻra, Joriy yilning birinchi choragi davomida Milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat koʻrsatuvchi jamoatchilik vakillaridan iborat ekspertlar guruhi tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 25 ga yaqin monitoring tashrifi amalga oshirildi. Oʻrganishlar davomida ming nafardan ortiq mahkum bilan jamoaviy uchrashuvlar hamda 217 nafar mahkum bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazilgan. Alohida qayd etish joizki, ushbu davr mobaynida Ombudsman nomiga mahkum va mahbuslar va ularning yaqin oila aʼzolari tomonidan 57 ta shikoyat kelib tushgan. Albatta, ushbu murojaat egalari bilan monitoring tashriflari davomida uchrashib, muammosi qay darajada hal etilgani ham oʻrganiladi.

Davra suhbati savol-javoblarga boy tarzda, erkin muloqot shaklida oʻtkazildi. Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berdi. Ushbu davra suhbati orqali ishtirokchilar Ombudsmanning vakolatlari va unga kelib tushayotgan murojaatlar, inson huquqlarining kafolatlanishi borasidagi xalqaro va milliy tajriba haqida koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldi.