Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu masalaga alohida toʻxtalib, inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar 2021-yilda izchil davom ettirilishini taʼkidlagan edi. Sababi bu borada hali qilinadigan ishlar juda koʻp.
Davlatimiz rahbarining “2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni jamiyatda katta oʻzgarish, yangilanish boshlanayotganiga odamlarni ishontirdi.
Dasturning eng muhim jihatlaridan biri bu – inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash masalasiga har qachongidan koʻra koʻproq eʼtibor berilgan. Masalan, inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi xalqaro standartlar va insonparvarlik tamoyilini keng joriy etish maqsadida joriy yil 1-aprelga qadar Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni oʻtash muassasalariga “monitoring tashriflari” tizimini yoʻlga qoʻyish belgilandi.
Eʼtibor bering, mamlakatimiz rahbari 2020-yil 29-dekabrda parlamentga Murojaatnomasida jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyilini keng qoʻllash borasidagi ishlar davom ettirilishini taʼkidlagan holda, xalqaro standartlardan kelib chiqib, 25 ta manzil-koloniyalar bosqichma-bosqich qisqartirilishini bildirgan edi.
Shu bilan birga, jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish va shartli ozod qilish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish vakolati jazoni ijro etish muassasalaridan yangi tashkil etiladigan insonparvarlik komissiyalariga oʻtkazilishi aytilgan edi.
Davlat dasturida joriy yil 1-iyunga qadar jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish va shartli ozod qilish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish vakolati jazoni ijro etish muassasalaridan yangi tashkil etiladigan insonparvarlik komissiyalariga oʻtkazilishi hamda 2021-yilda 6 tagacha manzil-koloniyalar qisqartirilishi zamirida aytish mumkinki, inson manfaatlarini taʼminlash, farovonligini oshirib borish kabi insonparvar gʻoyalar mujassam.
Bugun davrning oʻzi tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirishni taqozo etmoqda. Boisi, ushbu holatlar fuqarolarda jiddiy eʼtirozlarni keltirib chiqaryapti, mamlakatimizning xalqaro nufuziga salbiy taʼsir koʻrsatyapti.
Shu jihatdan, Yangi Oʻzbekistonda insonni eʼzozlash, uning huquq va erkinliklarini amalda taʼminlash borasida katta ishlar qilinmoqda. Xususan, inson huquqlarining eng muhim sharti boʻlgan shaxsning fuqaroligini tiklash boʻyicha dadil qadamlar qoʻyildi. Koʻp yillar davomida yurtimizda yashab kelayotgan boʻlsa-da, fuqarolik ololmay yurgan, bu yuksak maqomni uzoq vaqt intiqib kutgan 50 mingdan ziyod shaxslarga fuqarolik olish imkoniyati yaratildi.
Mamlakatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida bundan buyon yurtimizda 15 yil davomida muqim yashagan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekiston fuqaroligini berishning doimiy tartibini joriy qilishga doir muhim tashabbusni ilgari surgan edi. Mana oradan hech qancha vaqt oʻtmay, Prezidentimiz farmoni bilan joriy yil 1-maydan boshlab mamlakatimizga 2005-yil 1-yanvarga qadar kelib, yurtimizda doimiy yashab turgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olinishi belgilandi. Bu albatta, yurtimizda inson manfaatlari hamma narsadan ustun ekanligidan dalolat beradi.
Bir soʻz bilan aytganda, Dasturda nazarda tutilayotgan vazifalar koʻlami keng, talabi qatʼiy. Ular ijrosini taʼminlash uchun katta masʼuliyat, fidoyilik va iroda kerak boʻladi. Zotan, Dasturning har bir bandi ijrosini taʼminlash inson manfaatlari, ularning huquqlarini himoya qilishdek ezgu harakatlarni yana-da jadallashtirishga xizmat qiladi.
Abdulla ROʻZMETOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi