Tantanali tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan tanlov gʻoliblari hamda ularning ota-onalari, bobo-buvilari, muallim-murabbiylari hozir boʻldi. Taqdirlash marosimida, shuningdek, taniqli huquqshunoslar va jurnalistlar, shoir va yozuvchilar, jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 12-maydagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar dasturida mazkur tanlovni mamlakat miqyosida oʻtkazish vazifasi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) zimmasiga yuklatilgan. Tanlov Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi munosabati bilan tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Cpikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, mamlakatimizda isteʼdodli, salohiyatli bolalarimizning buguni va kelajagi ishonchli qoʻllarda ekanini taʼkidladi. Konstitutsiya – huquqiy bilimlar alifbosi boʻlib, uni oʻqish va uqish muhimligi yana bir bor qayd etildi.
Ushbu tanlovning birinchi bosqichiga 23-fevralda, ikkinchi bosqichiga 1-iyun – Xalqaro bolalar kunida start berildi. Tanlov “Eng yaxshi maqola va insho”, “Eng yaxshi sheʼr”, “Eng yaxshi rasm”, “Eng yaxshi videolavha” yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkazildi.
Qisqa vaqt ichida yosh ijodkorlar tomonidan har ikki gazeta tahririyatlariga 300 tadan ortiq material va ijodiy ishlar kelib tushdi. Mazkur ijodiy ishlar tahlili, bir tomondan, yosh ijodkorlarning inson huquqlari sohasiga qiziqishlarini yaqqol namoyon etgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, har bir navqiron ishtirokchining tanlovga taqdim etgan ijod namunasi oʻziga xosligi va betakrorligi bilan ajralib turishini koʻrsatdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) Surayyo Rahmonova, “Tong yulduzi” gazetasi bosh muharriri Feruza Adilova, “Klass!” gazetasi bosh muharriri Margarita Arutyunova va boshqa soʻzga chiqqanlar eʼtirof etganidek, tanlovga kelib tushgan aksariyat ijodiy asarlarda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarining bolalar hayotida tutgan oʻrni hamda ahamiyati ochib berilgan. Ayniqsa, tanlov gʻoliblarining ijodiy ishlari qiziqarli uslublarda va nafis iqtidor bilan yaratilgani diqqatga sazovor.
Tanlov yakunlari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 75 yilligi munosabati bilan eʼlon qilingan “Inson huquqlari oʻn kunligi” doirasida va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi bayrami arafasida oʻtkazilishi bejiz emas. Chunki bunday huquqiy-maʼrifiy tadbirlar yosh avlod qalbida ona Vatanga mehr va sadoqat tuygʻularini rivojlantirish, farzandlarimizni Konstitutsiya va qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tanlov gʻoliblariga diplom va tashkilotchilarning esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.
Tanlovda faol ishtirok etgan bolalar ham taqdirlandi. Shuningdek, tanlovni oʻtkazishda fidoyilik koʻrsatgan hamkor tashkilotlar va tahririyatlar vakillariga tashakkurnomalar taqdim etildi.
Tadbir yakunida gʻoliblar oʻz sheʼrlaridan oʻqib berdi. Tanlov hayʼati eʼtirofga sazovor boʻlgan rasmlar va videolavhalar namoyish etildi. Musiqa va qoʻshiqlar yangradi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati.