Ushbu loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvarda qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga doir davlat dasturi toʻgʻrisida»gi farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.
Milliy maslahatlashuvlar loyihaning asosiy ijrochisi – Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tashkil etildi. Tadbirda 50 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, vazirlik va idoralar, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy-oʻquv muassasalari vakillari, shuningdek, Milliy markaz huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari ishtirok etdi.
Tadbirda Milliy strategiya loyihasining tuzilishi, inson huquqlari samarali himoya qilinishini taʼminlashga qaratilgan bunday hujjatlarni qabul qilishning ahamiyati haqida toʻxtaldi.
Bugungi kunda jahonning 80 dan ortiq davlati oʻzining inson huquqlari boʻyicha milliy strategiyasi yo rejasini qabul qilgan. Ular orasida Avstraliya, Buyuk Britaniya, Daniya, Shvetsiya, Ispaniya, Italiya, Norvegiya, Xitoy, Yaponiya, Gruziya, Latviya, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkiya, Indoneziya, Meksika kabi mamlakatlar bor.
Oʻzbekiston ham bu borada muayyan ijobiy tajriba toʻplagan davlatlar sirasiga kiradi. Xususan, 2020-yilda qabul qilingan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi va mamlakatimizda inson huquqlari kafolatlarini taʼminlashga munosib hissa qoʻshdi.
Oʻz navbatida, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilgacha boʻlgan Milliy strategiyasi loyihasini ishlab chiqish vazifasi 2025-yilgi Davlat dasturida belgilangan boʻlib, Oʻzbekistonning 2030-yilgacha boʻlgan inson huquqlari sohasidagi davlat siyosati asosiy yoʻnalishlarini belgilab beruvchi hujjat hisoblanadi.
Milliy strategiya loyihasida inson huquqlarni taʼminlashning barcha jihatlarini oʻzida mujassamlashtirgan 6 ta yoʻnalish koʻzda tutilgan. Bular:
- shaxsiy va siyosiy huquqlarini himoya qilish;
- iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlari himoya qilish, barqaror rivojlanish;
- aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalari huquqlarini himoya qilish;
- inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini takomillashtirish;
- inson huquqlari sohasidagi taʼlim faoliyati samaradorligini oshirish;
- inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yoʻnalishlaridir.
Milliy strategiya loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali hamda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi saytiga joylashtirilgan.
Milliy maslahatlashuvlar davomida ishtirokchilar loyiha yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar. Ushbu takliflar asosida Milliy strategiya loyihasini yanada takomillashtirish haqida kelishib olindi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.