Maktubda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar dasturi tasdiqlangani va keng qamrovli ushbu Dasturda Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlari bajarilishiga oid ustuvor saʼy-harakatlarga alohida eʼtibor qaratilgani olqishlangan.
BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 75 yilligini birgalikda nishonlashga oid taklifini qoʻllab-quvvatlagani uchun Oʻzbekiston Hukumatiga mazkur Boshqarma nomidan minnatdorchilik bildirilgan.
Shuningdek, “BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi taʼlimni rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy taʼlim dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori hamda uni bajarish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” qabul qilinganini qoʻllab-quvvatlaydi. Bu – Oʻzbekistonda inson huquqlari sohasidagi taʼlimni rivojlantirish borasida boshlab yuborilgan amaliy ishlarni davom ettirishning hal qiluvchi omilidir”, deyiladi maktubda.
Xatda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Hukumati va BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi hamda uning Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy boʻlinmasi oʻrtasidagi hamjihatlik va amaliy muloqotlar Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarini bajarishi yoʻlida samarali hamkorlikni taʼminlashda muhim rol oʻynaydi. Maktubda Oʻzbekistonning bu sohadagi ezgu intilishlari kelgusida ham izchil qoʻllab-quvvatlanishi qayd etilgan.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining matbuot xizmati.









