Inson huquqlari boʻyicha Ombudsman YeXHT DIIHB delegatsiyasi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 17 Iyun 2022 2110

    2022-yil 16-iyunda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Ouen Merfi boshchiligidagi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (YeXHT DIIHB) delegatsiyasi aʼzolari bilan uchrashdi. Uchrashuvda Bola huquqlari boʻyicha vakil Aliya Yunusova ham ishtirok etdi.

    Oʻzaro muloqot davomida 2021-yilda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida saylovchilarga yaratilgan sharoitlar va saylovchilarning siyosiy huquqlarini taʼminlashdagi Ombudsmanning oʻrni borasida oʻzaro fikr almashildi.

    Taʼkidlanishicha, oʻtgan saylovda nogironligi boʻlgan shaxslarga ovoz berishlari uchun zarur qoʻshimcha sharoitlarni yaratish boʻyicha Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan fuqarolik jamiyati vakillari bilan hamkorlikda qator monitoringlar oʻtkazilib, saylov uchastkalari aʼzolariga tavsiyalar berilgan.

    Ombudsman tomonidan saylash huquqiga ega boʻlgan mahbus va mahkumlar oʻz huquqidan hech qanday moneliksiz foydalana olishlari uchun jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etilgan saylov uchastkalari ham oʻrganilgan.

    Uchrashuvda shuningdek, Ombudsman huzuridagi Qiynoqlarning oldini olish Milliy preventiv mexanizmi doirasida jamoatchilik guruhlari bilan harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari, ularda fuqarolik jamiyati institutlari va OAVlarining ishtirok etayotgani ham qayd etildi.

    Muloqotda Oʻzbekiston Prezidenti saylovini kuzatish boʻyicha DIIHB missiyasining yakuniy hisobotida ilgari surilgan tavsiyalar haqida fikr almashildi. Suhbat davomida mehmonlar tomonidan ushbu tavsiyalar Oʻzbekistondagi saylov qonunchiligi va uni tashkil etish tartiblarini xalqaro ilgʻor tajribalariga moslashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

    — Oʻtgan yili Oʻzbekistonda Prezidentlik saylovlari oʻtkazilgandan soʻng ushbu jarayonlarni kuzatgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi oʻz hisobotini aprel oyida eʼlon qildi va unda 24 ta tavsiya oʻrin olgan, — dedi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (YEXHT DIIHB) delegatsiyasi rahbari Ouen Merfi — Bular tavsiya xolos. Uni eʼtiborga olish yoki olmaslikni har bir davlatning oʻzi hal qiladi. Bizning hukumat taklifi asosida Oʻzbekistonga tashrifimiz davomida tavsiyalarimizni birgalikda muhokama etish koʻzda tutilgan. Bugunga uchrashuvimiz davomida ham ushbu institutning faoliyati, uning saylov jarayonlaridagi ishtiroki, har bir fuqaroga ovoz berish huquqini taʼminlash boʻyicha shart-sharoitlar yaratish yuzasidan fikr almashdik.

    Albatta biz tavsiyalarimiz eʼtiborga olinayotganidan xursandmiz. Biz bundan buyon ham hamkorlikni davom ettirishga tayyormiz.

    Uchrashuvda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalari ham muhokama etildi, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.