Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markaziga Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash tomonidan mukofotlandi

    Xalqaro hamkorlik 11 Noyabr 2022 1019

    Joriy yil 8-noyabrda “Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning 30 yilligi” medalini Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markaziga topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Mazkur yubiley medalini Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning (OHICHBK) 30 yilligini keng nishonlash doirasida Kengash faoliyatida koʻp tomonlama hamkorlikka oʻz hissasini qoʻshgan aʼzo davlatlar vakillariga topshirilishi koʻzda tutilgan.

    Maʼlumot uchun: Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash (OHICHBK) Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha xalqaro forumdir. OHICHBK – Osiyo va global dunyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlik oʻrtasidagi bevosita bogʻliqlikni tushunishga asoslangan forum.

    Taqdirlash marosimida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori boshchiligidagi Markaz xodimlari, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash Bosh kotibi Elchi Kayrat Saribay va Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qoʻmitasi vakili Adel Mohammad hamda boshqa hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

    Mamlakatimizning OHICHBK faoliyatidagi faol ishtiroki va Oʻzbekiston tomonidan eʼlon qilingan tashabbuslarni amalga oshirish siyosiy oʻzaro ishonchni mustahkamlash, xavfsizlikni saqlashda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, transport-logistika va sayyohlik salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

    Shuningdek, Litva Respublikasi Ombudsmani, Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti, Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi, BMT Xalqaro migratsiya tashkiloti, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorligi uchun BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari va Parlamentlararo Ittifoqi “Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning 30 yilligi” medali bilan taqdirlangan.

    Taqdirlash marosimida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash Bosh kotibi Elchi Kayrat Saribay “Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning 30 yilligi” medalini Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktoriga tantanali ravishda topshirdi.

    Inson huquqlari boʻyicha

    Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi.