Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi: Yоshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiya loyihasi muhokamada

    Suhbat 11 Avgust 2020 7130

    12 avgust — Xalqaro yoshlar kunida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan o'tkazilayotgan “Yoshlar—2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari” deb nomlangan Samarqand forumi ish boshlaydi. Shu munosabat bilan muxbirimiz ushbu xalqaro forumning asosiy tashkilotchisi bo'lmish Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan suhbatlashdi.

    — Ma'lumotlarga ko'ra, Samarqand forumida BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi, Evropa Kengashi kabi qator xalqaro tashkilotlar hamda O'zbekiston va o'n beshdan ziyod xorijiy mamlakatdan etti yuz ellikdan ortiq ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda. Xo'sh, ushbu nufuzli forumning asosiy maqsadi nimadan iborat?

    — BMT Bosh kotibi chaqirig'iga javoban, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan bu yilgi Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi “BMT 75 yoshda: kelajakka nigoh” dasturi doirasida bevosita yoshlar masalasiga bag'ishlab o'tkazilmoqda.

    Bugun dunyoda yoshlar misli ko'rilmagan darajada ko'pchilikni — 2 milliarddan ziyodni tashkil qilmoqda. Bu ko'plab mamlakatlarda, jumladan, O'zbekistonda ham aholining o'sib boradigan katta qismini yoshlar tashkil qilmoqda, degani.

    Hozirgi pandemiya sharoitida bunday nufuzli forumning o'tkazilishi nafaqat O'zbekiston, balki jahon tajribasida ham katta yangilik. Ushbu forum ilk bor onlayn tarzda yoshlarga mos axborot texnologiyalarini qo'llagan holda o'tkazilmoqda.

    Tadbirda BMT va uning butun dunyodagi tuzilmalari hamda boshqa halqaro tashkilotlardan 13 ta oliy darajadagi vakil, 40 dan ziyod xalqaro va xorijiy, 10 dan ortiq milliy ma'ruzachi ishtirok etayotganida hamda forumning er yuzidagi yoshlarning hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikning turli jabhalaridagi muammolarni aniqlab, ularning echimini topishga xizmat qilishida o'ziga xos ramziy ma'no bor.

    Samarqand forumida O'zbekiston yoshlari, jumladan, 14 ta hududdan Yoshlar parlamentlari a'zolari, faol yoshlar etakchilari va yoshlar tashkilotlari vakillari, o'ndan ortiq oliy o'quv yurti yosh olimlari va professor-o'qituvchilari ham faol ishtirok etmoqda.

    — Nima uchun asosiy mavzu sifatida yoshlar huquqlari tanlandi? Hozirgi jamiyatda yoshlarning tutgan o'rni qanday?

    — Bugungi kunda yosh shaxs bo'lish bu katta boylikdir. Zero, yosh aholi katta ishchi kuchi, salohiyat va imkoniyatlar kaliti, demakdir. Gyote “Dunyo oldinga borayotgan bo'lsa-da, yoshlarga har safar yangidan boshlashga to'g'ri keladi”, deb qayd etgan edi. SHu bois, navqiron yigit-qizlarimizga kelajagimizni harakatlantiruvchi asosiy shijoatkor kuch sifatida qarashimiz lozim. YOshlar salohiyati mamlakat iqtisodiyotiga va jamiyat rivojiga katta hissa qo'shadi, agar ular to'g'ri parvarish qilinsa, barqaror rivojlanishning katalizatoriga aylanadi.

    Samarqand forumi doirasida ­Prezidentimizning 2017 yil 19 sen­t­yabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan muhim bir tashabbusi asosida ishlab chiqilgan Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiya loyihasining ham navbatdagi muhokamasi rejalashtirilgan. Shuningdek, yoshlar huquqlari va barqaror rivojlanish maqsadlari orasidagi bog'liqlik, yoshlarning inson huquqlari borasidagi bilimi va huquqiy ongini oshirish, 2030 yilgacha yanada xavfsizroq kelajakni qurish, tinchlik va osoyishtalikni ta'minlashda yoshlarning roli va ahamiyatini kuchaytirish masalalari ham atroflicha muhokama qilinadi.

    Bir so'z bilan aytganda, yoshlar nafaqat kelajagimiz bunyodkorlari, balki hozirgi kunimiz, islohotlarimizning hal qiluvchi kuchi hamdir. Agar biz barqaror rivojlanishga erishmoqchi bo'lsak, yoshlarning jamiyatimizdagi o'rni va mavqeini har tomonlama kuchaytirishimiz zarur.

    — Forumda qanday dolzarb masalalar muhokama etiladi?

    — Yoshlarning huquqlari va salohiyati tinchliksevar va demokratik jamiyat barpo etishda muhim ahamiyat kasb etishini hisobga olgan holda, Samarqand forumi aynan “Yoshlar — 2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari” deb nomlandi. Forum davomida biz inson huquqlari sohasida yoshlar bilan bog'liq qanday muammolar mavjudligini aniqlashga va ularni hal etishning eng maqbul yo'llarini belgilashga harakat qilamiz.

    Masalan, bugun dunyo miqyosida yoshlar orasida ishsizlik darajasi ancha yuqori. Yoshlar ish topsa ham, odatda, kattalarga qaraganda ancha murakkab sharoitlarda va ko'pincha teng ish uchun teng haq to'lanmasdan mehnat qiladi. Bundan tashqari, 263 million bola va o'smir maktab ta'limidan mahrum. Bu esa ta'lim va malaka etishmasligi tufayli mehnat bozoriga o'tishni qiyinlashtiradi.

    Xususan, BMT tuzilmalari tomonidan tayyorlangan “Yoshlar holati” hisobotiga ko'ra, yoshlarning siyosiy institutlardagi ishtiroki etarli emas. Masalan, dunyoda yoshlarning siyosiy hayotda ishtirok etish indeksi o'rtacha 5,68 ball (eng yuqori ball – 10) bo'lgani holda ushbu ko'rsatkich rivojlangan mamlakatlarda 8,75 va Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo mamlakatlarda 4,38 ballni tashkil etadi. Dunyo bo'ylab 30 yoshga to'lmagan yoshlar nufusi o'ta yuqoriligiga qaramay, ko'pgina mamlakatlarda ularning parlament a'zolari sonidagi ulushi 2 foizni ham tashkil etmaydi.

    Yangilanayotgan O'zbekistonimizning davlat yoshlar siyosatini tubdan qayta ko'rib chiqish, yosh avlodni ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va huquqiy islohotlarga keng jalb etish, ularga mamlakatimizning buguni va ertangi kuni bilan bog'liq o'ta muhim vazifalar ijrosini ishonib topshirish borasidagi tajribasi dunyo hamjamiyati tomonidan keng e'tirof etilmoqda. Xususan, bugun parlamentimiz quyi palatasining 6 foizini, mahalliy kengashlar deputatlarining 10 foizini aynan yoshlar tashkil etmoqda. Parlament palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari ish boshladi.

    Forum ishtirokchilari mamlakatimizning ushbu sohadagi tajribasiga katta qiziqish bildirmoqda. Ko'rib chiqiladigan vazifalar orasida yoshlar huquqlarini himoyalashni davlat siyosati darajasiga ko'tarishning yo'llari va usullariga doir takliflar ishlab chiqish masalasi ham bor. Bunday muhim chora yosh avlodga hayotning barcha sohalarini rivojlantirish, barqaror taraqqiyotni ta'minlashga hissa qo'shish uchun imkoniyatlar yaratishiga ishonchimiz komil.

    Jumladan, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bugungi va ertangi yoshlarga bevosita bog'liq. Ayniqsa, 1-maqsad (o'ta qashshoqlikka barham berish), 4-maqsad (sifatli ta'lim), 5-maqsad (gender tengligi), 8-maqsad (munosib ish o'rinlari yaratish va iqtisodiy o'sish), 10-maqsad (tengsizlikni kamaytirish) va 16-maqsad (tinchlik va adolat, odil sudlovning hammaga birdek ochiqligi) yoshlar huquq va manfaatlarini ro'yobga chiqarishga qaratilgan. SHuning uchun yoshlarning huquqlariga ko'maklashish va ularni himoya qilish masalasi bundan keyin ko'tarilmasligi uchun nima qilishimiz kerak? Tadbirda muhokamalarimiz ayni shu muammolar echimiga qaratiladi.

    — Prezidentimizning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyani ishlab chiqish va qabul qilish borasidagi tashabbusining hayotga tatbiq etilishi xususida biroz kengroq to'xtalib o'tsangiz. U xalqaro hamjamiyat tomonidan qanday qabul qilinmoqda? Ushbu konventsiyaning qabul qilinishi zarurati nimalardan iborat?

    — Konvetsiya loyihasini ishlab chiqishda bugungi kunda BMT va u bilan bog'liq xalqaro tuzilmalar (Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti, Parlamentlararo ittifoq va boshqalar) tomonidan yoshlar va yoshlar siyosatiga oid 30 dan ortiq universal hamda mintaqaviy tashkilot (Afrika Ittifoqi, Amerika davlatlari tashkiloti, Evropa Kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi va boshqalar) doirasida 20 dan ziyod xalqaro hujjat e'tiborga olindi.

    Jumladan, BMT Praga deklaratsiyasida insoniyatni rivojlantirishda yoshlarning muhim roli qayd etildi. 1996 yil 13 martda BMT Bosh Assambleyasining 50/81-rezolyutsiyasi bilan 2000 yilgacha bo'lgan davrda Yoshlarga oid umumjahon harakatlar dasturi tasdiqlandi. Unda, xususan, yoshlar huquqlariga oid oltita asosiy soha aniqlandi. Bular munosib yashash huquqi (yoshlar jamiyatda va o'z yurtida munosib yashashlari kerak), o'z fikrlarini bildirish huquqi(yoshlarga o'z intilishlarini, g'oyalarini, umidlarini va muammolarini ifoda etish imkoniyati berilishi kerak), yaxshi ta'lim olish huquqi(yoshlar o'z vatanida sifatli ta'lim olishi, tegishli stipendiyalarni, ayniqsa, universitet darajasida taqdim etish), sog'liq huquqi(kelajak avlodlar yoshlar sog'lig'iga g'amxo'rlik qilish uchun zamonaviy tibbiy markazlardan foydalanishlari kerak), munosib kasbga bo'lgan huquq(bitiruvchilarning davlat yoki xususiy sektorda ishlashini ta'minlash yoki o'rta va kichik biznesni tashkil etish uchun yosh tadbirkorlarga kredit berish), rivojlanish huquqi (yoshlarga o'z mamlakatining jamiyatlarini turli yo'nalishlarda, jumladan, siyosiy partiyalarda ishtirok etish va ushbu partiyalarda rahbarlik lavozimlariga ega bo'lish, yoshlarni qaror qabul qilishda ishtirokini ta'minlash)dir.

    2001 yilda Jahon yoshlar strategiyasi ularning dunyo taraqqiyotidagi roliga e'tibor qaratdi. BMT Xavfsizlik kengashining yoshlar, tinchlik va xavfsizlik bo'yicha ikkita, ya'ni 2250 (2015 yil) va 2419-rezolyutsiyalari (2018 yil) xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash hamda qo'llab-quvvatlashda yoshlarning rolini ochib beradi. BMTning “YOshlar — 2030” yoshlar strategiyasi, Yoshlar siyosati va dasturlari to'g'risidagi “Lissabon+21” deklaratsiyasi yoshlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va amalga oshirishda qo'shimcha imkoniyat yaratadi.

    Mintaqaviy darajada Arab yoshlar deklaratsiyasi (ayollarning huquq va erkinliklarini kengaytirish, yoshlarni ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotga kengroq jalb qilish), Aholi va rivojlanish bo'yicha Rabot deklaratsiyasi (yoshlarga nisbatan adolatli ijtimoiy siyosat uchun resurslarni taqsimlashni yaxshilash), Afrika yoshlar strategiyasi (yoshlar taraqqiyotini ta'minlashga qaratilgan siyosiy vaziyatni yaxshilash), Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo mamlakatlarda yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent deklaratsiyasi kabi qator o'ta muhim xalqaro huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

    — Konventsiya qabul qilinishining dolzarbligi nimadan iborat?

    — Sohada o'z echimini kutayotgan va muammoli masalalar ham mavjud. Bular, birinchidan, dunyo miqyosida bugungi kunga qadar yoshlarning aniq huquqlarini belgilashga doir birorta alohida hujjat yoki vosita mavjud emas, yoshlarga oid siyosat sohasida davlatlarning xalqaro majburiyatlari aniq belgilab berilmagan. Xususan, yoshlarning hozirgi avlodi dunyo tarixi bo'yicha olib qaraganda eng ko'p sonlisi hisoblanadi, ammo ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ta'minlashga etarli e'tibor qaratilmayapti. Yoshlarning barcha huquqlari, jumladan, barcha iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik va siyosiy huquqlari hurmat qilinishi, himoyalanishi va amalga oshishini ta'minlash choralarini kelgusida yanada mustahkamlash zarur.

    Ikkinchidan, yosh avlod ijtimoiy sub'ekt sifatida davlat va jamiyatning har tomonlama — yoshlarni rivojlantirishga yo'naltirilgan muayyan resurslarni ajratish, davlat yoshlar siyosatining inson huquqlari bilan bog'liq zamonaviy infratuzilmasini yaratish kabi qo'llab-quvvatloviga muhtoj. Lekin yaqin va uzoq muddatli istiqbolda yoshlar rivojlanishi bo'yicha davlatlar dasturlarining qabul qilinishi tizimli yo'lga qo'yilmagan.

    Uchinchidan, turli xalqaro huquqiy hujjatlarda yoshlarning yosh toifasi turlicha talqin qilingan. Misol uchun, birgina BMT doirasida “yoshlar” atamasi Yoshlar uchun umumjahon harakatlar dasturiga ko'ra, 15-24 yosh, BMT Xavfsizlik kengashining yoshlar, tinchlik va xavfsizlik to'g'risidagi 2250-rezolyutsiyasida 18-29 yosh, Aholi yashash manzillari bo'yicha BMT dasturida esa 15-32 yoshli shaxslarga nisbatan ishlatiladi. Yoshlarning Afrika xartiyasida “yoshlar” vakillariga 15-35 yoshli, Evropa Kengashida 15-29 yoshdagi shaxslar kiritiladi.

    Shu ma'noda, aholining yoshlar qatlami uchun yosh chegarasining xalqaro mezonlarini ishlab chiqish va buni yoshlar huquqlari hamda ularni ta'minlash bo'yicha davlat majburiyatlari o'rnatilgan xalqaro hujjatda belgilash muhim ahamiyatga ega.

    To'rtinchidan, bugungi kunda BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari hamda BMTning “Yoshlar — 2030” yoshlar strategiyasi hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Lekin hamon belgilangan aniq maqsadlar va o'lchov ko'rsatkichlari bo'yicha yoshlarning rivojlanish istiqbollarini namoyon etuvchi zamonaviy xalqaro model` yaratilmagan.

    Prezidentimiz tomonidan taklif etilgan tashabbus — Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasining qabul qilinishi bugun navqiron avlod duch kelayotgan aniq muammolarni hal qilish, sohaga oid turli xalqaro hujjatlardagi nomutanosibliklarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi. SHu ma'noda xalqaro hamjamiyat tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi.

    — Konventsiya loyihasi qanday tayyorlandi?

    — Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi milliy markazi tomonidan konventsiya loyihasini ishlab chiqish bo'yicha milliy va xalqaro, xorijiy ekspertlar, mutaxassislar, olimlar, yoshlar tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillaridan tashkil topgan maxsus ishchi guruh tuzildi va uning faoliyati tizimli ravishda tashkillashtirildi.

    Ishchi guruh yoshlarga oid yuqorida eslatib o'tilgan xalqaro hujjatlar hamda 50 dan ortiq davlatning milliy qonunchiligini chuqur o'rganish, Barqaror rivojlanish maqsadlari, demokratiya va iqtisodiy sohalarga oid turli xalqaro reytinglar va indikatorlarni inobatga olib, Yoshlar huquqlari to'g'risida xalqaro konventsiya loyihasini ishlab chiqdi.

    Konventsiya loyihasi xalqaro jamoatchilik fikr va mulohazalarini o'rganish va inobatga olish maqsadida markazimiz veb-sayti hamda boshqa maxsus internet-tarmoqlarda joylashtirildi. Xususan, yoshlar huquqlari, inson huquqlariga oid o'ndan ortiq hujjat va adabiyot tayyorlanib, Samarqand forumining rasmiy veb-saytiga joylashtirildi.

    Bugungi kunga qadar 40 dan ziyod xalqaro forum va ekspertlar uchrashuvida hamda SHveytsariya, Buyuk Britaniya va Rossiyada muhokama etildi. Forumda ushbu mamlakatlar vakillarining ma'ruza bilan ishtirok etishi ham nazarda tutilgan. Forum uchun “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining maxsus soni tayyorlandi.

    — Ushbu konventsiyaning maqsad va vazifalari nimalardan iborat?

    — Ishchi guruh konventsiyaning asosiy maqsadi sifatida dunyo bo'yicha yoshlarning ehtiyojlarini qondirish, yoshlarning barcha eng yaxshi qiziqishlari, erkinlik va huquqlari kafolatlari hamda potentsialini mustahkamlash maqsadlarida xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada harakatlarni kuchaytirishni belgilashni taklif etgan.

    Konventsiyada yoshlar siyosati tushunchasi turli hayotiy soha va sektorlar — davlat va xususiy sektor, nodavlat tashkilotlarning yoshlarga qaratilgan faol faoliyati sifatida kengroq ma'noni anglatadi. SHuningdek, yoshlarning yosh xususiyatlari aniq 18-30 yosh deb belgilanmoqda.

    Konventsiyaning asosiy vazifalari sifatida quyidagilarni belgilash nazarda tutilmoqda:

    • yoshlarga nisbatan davlat siyosatining maqsadlari, ustuvorliklari va vositalarini belgilash, yoshlarning rivojlanishi imkoniyatlari va muammolari yuzasidan davlatlar oldida turgan masalalarga va imkoniyatlarga birgalikda javob izlash;
    • yoshlarga oid siyosat sub'ektlari uchun uzoq muddatli rivojlanish yo'nalishlarini, shuningdek, yoshlar dasturlari, loyihalari, yoshlar jamoat birlashmalari va yoshlarga oid siyosat infratuzilmasiga yo'naltirilgan investitsiyalar ko'rsatkichlarini belgilash;
    • inson kapitalida jadal o'sib borayotgan yoshlarning voyaga etish davrida davlat va jamoat xizmatlaridan foydalanishini engillashtirish, ularning asosli hayotiy qarorlar qabul qilish qobiliyatini rivojlantirish hisobiga imkoniyatlarini kengaytirish;
    • yoshlarni jamiyatni o'zgartiruvchi faol sub'ekt, davlatlarning etakchilik va rivojlanish drayveri, shuningdek, ijtimoiylashuv ob'ekti sifatida qarash.

    — Samarqand forumi natijasi qanday bo'ladi?

    — Umuman, forum natijasida Samarqand rezolyutsiyasini qabul qilish, Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiya loyihasini BMT nizomiy tuzilmalariga va inson huquqlari bo'yicha shartnomaviy qo'mitalariga ko'rib chiqish uchun kiritish nazarda tutilgan.

    Ishonchim komilki, Samarqand forumi ochiq va amaliy munozaralar ruhida o'tadi. Undagi munozara va mushohadalar, o'z navbatida, yoshlarning huquqlari hamda imkoniyatlarini kengaytirish, ­Prezidentimizning tashabbusini hayotga tatbiq etishga qaratilgan amaliy qarorlar uchun zamin bo'ladi. Bu ezgu ishlar butunjahon hamjamiyati darajasida yoshlarning qonuniy manfaatlari, haq-huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

    Yangi O'zbekiston” muxbiri

    Bahor Xidirova suhbatlashdi.