Inson huquqlari boʻyicha taʼlim: mazmuni, mohiyati va ahamiyati

    Mamlakatimizda 11 Noyabr 2022 1890

    2022-yil 5-6-dekabr kunlari Samarqand shahrida “Inson huquqlari sohasida taʼlim” mavzusida oʻtkaziladigan Global forum BMTning Inson huquqlari sohasidagi taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi qabul qilinganining 10 yilligiga bagʻishlanadi. Ushbu nufuzli xalqaro anjumanni oʻtkazish tashabbusi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Inson huquqlari kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan.

    Inson huquqlari boʻyicha taʼlim normalari koʻplab xalqaro hujjatlarga kiritilgan. Xususan, 2011-yil dekabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan BMTning Inson huquqlari boʻyicha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi qabul qilingan. Deklaratsiya aʼzo davlatlarga inson huquqlari boʻyicha taʼlim va tarbiyani taʼminlash masʼuliyatini yuklaydi.

    Mazkur Deklaratsiyada belgilanganidek:

    birinchidan, har bir inson va jamiyatning har bir aʼzosi taʼlim olish va oʻqitish orqali inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilishga koʻmaklashishi lozim;

    ikkinchidan, har bir inson taʼlim olish huquqiga ega va taʼlim inson shaxsini har tomonlama rivojlantirishga, qadr-qimmatini his etishga, barcha kishilarga erkin jamiyatning foydali ishtirokchilari boʻlishiga, barcha millatlar, irqiy, etnik yoki diniy guruhlar oʻrtasida oʻzaro tushunish, bagʻrikenglik va doʻstlikni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan boʻlishi kerak.

    Mamlakatimizda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish bilan bogʻliq islohotlar sharoitida “inson, uning huquqlari, erkinliklari, ayniqsa, qadri – eng muhim qadriyat” degan tamoyil eʼtirof etilyapti. Shu munosabat bilan yillar davomida amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga oʻzgartirildi.

    Bularning barchasi, oʻz navbatida, taʼlimning oʻziga xos sohasi hisoblanuvchi inson huquqlari boʻyicha taʼlimni izchil rivojlantirishni taqozo qiladi. Bunday taʼlim barchaning inson huquqlariga nisbatan hurmatini ragʻbatlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini taʼminlashda birlamchi ahamiyat kasb etadi.

    Inson huquqlari sohasidagi taʼlim demokratik jamiyat qurish maqsadida huquqlar, erkinliklarni anglab yetish va ulardan faol foydalanish, majburiyatlarga amal qilishni nazarda tutuvchi inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

    Inson huquqlari sohasidagi taʼlim insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman, oʻz hayotiga daxldor boʻlgan qarorlarni qabul qilishning barcha jarayonlarida toʻlaqonli ishtirokini taʼminlash, shuningdek huquqbuzarliklar, zoʻravonlik va nizolarning oldini olishda ham muhim oʻrin tutadi.

    Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi eʼlon qilingandan soʻng xalqaro hamjamiyat inson huquqlari va asosiy erkinliklarini tan oldi va ularga rioya etilishini xalqaro inson huquqlari meʼyorlari va mexanizmlari orqali targʻib qilishni boshladi. Ushbu huquqlardan biri – taʼlim olish huquqi – insonning barcha huquqlaridan foydalanish uchun boshlangʻich nuqtadir.

    Inson huquqlari sohasidagi taʼlimga:

    - inson huquqlari boʻyicha taʼlim;

    - ushbu huquqlar toʻgʻrisida bilish huquqi;

    - har qanday jamiyatda inson huquqlarini himoya qilish va targʻib qilishning usullari va vositalari kiradi.

    Inson huquqlari boʻyicha taʼlim va tarbiya barcha insonlar, ayniqsa, yoshlarni keng qamrab oladigan hayotiy jarayondir.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.