Yigʻilishda Ombudsman tomonidan mamlakatimizda inson huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ushbu sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish borasida qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon bilan belgilangan yangi tartiblarni amalga oshirish boʻyicha qilingan ishlar tahliliga toʻxtalib oʻtildi.

Mazkur Farmon bilan davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish Ombudsmanning ustuvor vazifasi sifatida belgilandi.

Shuningdek, Ombudsmanga ham qonunchilik tashabbusi huquqi berilib, aholidan kelib tushayotgan murojaatlar tahlili asosida qonun hujjatlaridagi boʻshliqlarni toʻldirishga imkon berilishi taʼkidlandi.

Yigʻilishda qayd etilishicha, 2021-yil 9 oyi davomida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili nomiga mamlakatimiz va xorijiy davlatlar fuqarolari, ombudsmanlari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 13 689 ta murojaat kelib tushgan.

Tahlillarga koʻra, parlament nazorati subyekti sifatida Ombudsman tomonidan 7 028 ta murojaat oʻz ish yurituviga olindi. Qolgan murojaatlar Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, tegishli tashkilotlarga yuborilgan.

Inson huquqlari boʻyicha vakil aholi murojaatlari, ularni qiynayotgan masalalarga toʻxtalar ekan, amaldagi qonun va qonun osti normalarini takomillashtirish boʻyicha oʻz takliflarini ham bildirdi.

Yigʻilishda aliment qarzdorligi, xususiy mulk daxlsizligi, aholini ijtimoiy himoya qilish boʻyicha mavjud kamchiliklari senatorlar tomonidan alohida taʼkidlandi. Shuningdek, baʼzi mansabdor shaxslarning qabul qilinayotgan yangi normalardan yetarli darajada xabardor emasligi sababli, fuqarolar Ombudsmanga murojaat qilishga majbur boʻlayotgani xususida ham tanqidiy fikrlar bildirildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Muhokama natijalari yuzasidan qoʻmita tomonidan mutasaddi idoralarga tegishli koʻrsatmalar va tavsiyalar berilib, qarorda aks ettirildi.