«Inson huquqlari oyligi» e»lon qilindi

    Voqea-hodisalar 5 Noyabr 2021 2270

    Har yili 10-dekabr – Inson huquqlari kuni butun dunyoda keng nishonlanadi. Chunki 1948-yilning xuddi shu kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 217A(III)-rezolyusiyasiga muvofiq, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan.

    1950-yili BMT tomonidan ushbu muhim sanani Inson huquqlari kuni sifatida nishonlash belgilangan.

    Mazkur xalqaro-huquqiy hujjatning 1-moddasida: «Hamma odamlar o‘z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar. Ularga aql va vijdon ato qilingan, binobarin bir-birlariga nisbatan birodarlik ruhida munosabatda bo‘lishlari kerak», deb e’lon qilingan.

    Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 2-moddasida ta’kidlanganidek, «Har bir inson irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e'tiqodlaridan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qat’i nazar ushbu Deklaratsiyada e’lon qilingan barcha huquq va barcha erkinlikka ega bo‘lishi zarur».

    Deklaratsiya insonlarning barchasiga birdek tegishli bo‘lgan huquqlarni o‘z ichiga olgan. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjat shu kungacha dunyoning 500 dan ortiq tiliga tarjima qilingan.

    Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi har bir insonning shaxsiy daxlsizligi, mulk, e'tiqod va so‘z erkinligini, fuqarolik, davlat boshqaruvida qatnashish, saylash va saylanish, oila, mehnat va dam olish, ta'lim, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, madaniyat va san'at asarlaridan bahra olish huquqlarini himoya qiladi.

    Joriy yilning 10-dekabrida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganiga 73 yil to‘ladi.

    Shu bilan birga, yaqinda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil topganiga 25 yil to‘ldi. Milliy markaz 1996-yil 31-oktyabrda tashkil topgan.

    Ushbu sanalar munosabati bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan joriy yilning 10 noyabridan – 10 dekabriga qadar «Inson huquqlari oyligi» deb e’lon qilindi.

    Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
    Milliy markazi matbuot xizmati.