Joriy yil 7-iyun kuni Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazida shu mavzuda xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtdi. Ikki mamlakat oʻrtasida inson huquqlari taʼlimi sohasida oʻzaro tajriba almashishga bagʻishlangan ushbu tadbir Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti raisi Muharrem Qilich boshchiligidagi Turkiya Respublikasi delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti raisi Muharrem Qilich davra suhbati ishtirokchilarini qutladilar.
Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti Kengashi aʼzosi Xarun Mertoglu “Parij prinsiplari doirasidagi inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar” mavzusida maʼruza qildi. Maʼruzada inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar jumladan, Turkiyaning Inson huquqlari milliy dasturi ijrosi haqida soʻz bordi.
Oʻzbekiston tomonidan - Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi oʻrinbosari Mirzatilla Tillaboyev, Bosh prokuratura Akademiyasi boshligʻining oʻrinbosari Muzaffar Mamasiddiqov, Toshkent davlat yuridik universiteti professori Gavhar Yuldosheva davra suhbatida oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.
Maʼruzachilar Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi taʼlim milliy dasturi ishlab chiqilayotgani, prokuratura va oliy taʼlim tizimlarida inson huquqlari taʼlimi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida toʻxtaldilar.
Shuningdek, tadbir davomida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti oʻrtasida oʻzaro anglashuv Memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Ombudsmanlar, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura Akademiyalari, Xalqaro islom akademiyasi, Sudyalar oliy maktabi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari qatnashdi.
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati