Shuningdek, 22-fevralda Sirdaryo viloyat axborot-kutubxona markaziga ayni mavzudagi kitoblar taqdim etildi. Har ikki maʼrifiy-huquqiy tadbir “Inson huquqlari haftaligi” doirasida tashkil etildi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 7-fevraldagi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturi tasdiqlandi. Qarorda, shuningdek, mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi taʼlimni yanada takomillashtirish va Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.
Shu munosabat bilan Sirdaryo viloyat axborot-kutubxona markazida “Yangi Oʻzbekiston va inson huquqlari” mavzusida oʻtkazilgan davra suhbatida bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlar axborot-kutubxona markazlarida “Inson huquqlari sohasidagi adabiyotlar yoʻnalishi” tashkil etilayotgani taʼkidlandi. Ushbu axborot-kutubxona markazlari fondi endilikda Milliy markaz tomonidan inson huquqlari boʻyicha tizimlashgan ilmiy-huquqiy manbalar bilan doimiy taʼminlab boriladi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi yurtimiz hududlaridagi kutubxonalarga asosan inson huquqlari sohasida taʼlim yoʻnalishidagi kitoblarni begʻaraz taqdim etadi. Bolalar huquqlariga oid adabiyotlar, xotin-qizlar huquqlariga taalluqli toʻplamlar, nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlariga oid kitoblar, “Yangi Oʻzbekiston va inson huquqlari” turkumidagi risolalar hamda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining yangi sonlari shular jumlasiga kiradi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.