Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi hamkorligida tashkil etildi.
Taqdimotda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov soʻzga chiqib, shafqatsiz muomala va qiynoqlarni taqiqlash inson huquqlari boʻyicha xalqaro shartnomalarda ham, butun dunyo davlatlarining milliy qonunchiligida ham eʼtirof etilgan asosiy huquq ekanini taʼkidladi.
Yangi Oʻzbekistonda qiynoqlar va zoʻravonliklarning oldini olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib kelniyapti. Fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etish hamda ularni himoya qilish uchun qonunchilik va institutsional, taʼlim va monitoring asoslari yaratilgan. Inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro va mintaqaviy mexanizmlari, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida tizimli va izchil ishlar amalga oshirilyapti.
Oʻzbekcha nashri taqdim etilayotgan qoʻllanmaning maqsadi mamlakatimizning tegishli davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari mutaxassislarining ozodlikdan mahrum etish joylarida jinsiy va genderga asoslangan zoʻravonlikning oldini olish hamda unga qarshi kurashish borasidagi malaka hamda koʻnikmalarini oshirishga koʻmaklashishdan iborat. YEXHT mintaqasidagi standartlar, yondashuvlar va amaliy misollarni oʻzida jamlagan yangi nashr birinchi navbatda qonun chiqaruvchi va sud tizimidagi amaliyotchilarga, jumladan, advokat, prokuror va sudyalar, shuningdek tergov qilish, soʻroq qilish va hibsda saqlashda ishtirok etadigan boshqa barcha xodimlar uchun moʻljallangan.

YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining inson huquqlari boʻyicha mutaxassisi Izabel Silviya Xartmann taqdimot ishtirokchilariga ushbu qoʻllanmaning mazmun-mundarijasi haqida atroflicha soʻzlab berdi. Unda YEXHT mintaqasining turli davlatlaridan misollar keltirilganini qayd etdi.
Bu misollarda, inson huquqlarini va ayni muammoning gender jihatlarini hisobga olgan holda, qamoqda saqlash joylarida jinsiy va gender asosidagi zoʻravonliklarga barham berish va ularning oldini olish uchun qanday choralar koʻrilishi maqsadga muvofiqligi bayon etilgan. Bundan tashqari, qoʻllanmada ayni masalaga taalluqli sud ishlaridan aniq misollar keltirilgan. Ayni tajribalar bu boradagi tegishli sud amaliyotini rivojlantirishning asosiy bosqichlarini oʻzida aks ettiradi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish boshqarmasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Milliy gvardiya, Jamoat xavfsizligi universiteti, Bosh prokuratura, Huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasi xodimlari, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirok etdi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining matbuot xizmati.