Inson huquqlarini himoya qilish borasida oʻquv kursi oʻtkazildi

    Mamlakatimizda 28 Sentabr 2023 1258

    27-28-sentyabr kunlari Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamkorligida shu mavzuda oʻquv kursi oʻtkazildi.

    Mashgʻulotlar davlat tashkilotlarida jamoatchilik bilan aloqalar va inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlik uchun masʼul xodimlar hamda matbuot kotiblari uchun tashkil etildi.

    Oʻquv kursi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy taʼlim dasturi doirasida boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbir Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligiga bagʻishlandi.

    Mashgʻulotlar davomida asosiy eʼtibor inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosati hamda ushbu sohada xalqaro majburiyatlarning bajarilishiga doir axborotni keng jamoatchilik va xorijiy davlatlarning siyosatini shakllantiruvchi doiralariga yetkazish samaradorligi va sifatini oshirishga qaratildi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qoʻmita raisi Dilorom Fayziyeva, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha Vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova hamda Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz xodimlari va ekspertlari, professor-oʻqituvchilar ishtirok etdi.

    Tinglovchilar uchun “Inson huquqlari sohasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari”, “Inson huquqlarini taʼminlashda Parlamentning roli”, “Inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilishda ommaviy axborot vositalarining roli”, “Ayollar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari: xalqaro va milliy mexanizmlar”, “Oʻzbekistonda bola huquqlarini taʼminlash – davlat siyosatining muhim yoʻnalishi”, “Inson huquqlarini himoya qilishda Ombudsman instituti vazifalari”, “Inson huquqlari sohasidagi milliy taʼlim dasturining bajarilishi toʻgʻrisida”, “Oʻzbekistonda nogironlar huquqlarining taʼminlanishi masalalari” kabi mavzularda maʼruzalar taqdim etildi. Shuningdek, interaktiv mashgʻulotlar oʻtkazildi.

    Ikki kunlik oʻquv kursida turli vazirlik, idora va tashkilotlar, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining 79 nafar xodimi qatnashdi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
    Milliy markazining
    matbuot xizmati.