Tadbir Xitoy Inson huquqlarini oʻrganish boʻyicha jamiyati, Xitoy Xalq Respublikasining Adabiyotlarni xorijiy tillarda nashr etish va tarqatish ishlari boʻyicha boshqarmasi, XXRning Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi va Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorligida tashkil etildi.
Kitob taqdimotida 14-chaqiriq Umumxitoy qoʻmitasi Xalq siyosiy maslahatlashuv kengashining doimiy aʼzosi, Milliy va diniy ishlar boʻyicha komissiya boshligʻining oʻrinbosari, Xitoy inson huquqlarini oʻrganish boʻyicha jamiyatining ijrochi vitse-prezidenti Szyan Szyango, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, XXRning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun, XXRning Adabiyotlarni xorijiy tillarda nashr etish va tarqatish ishlari boʻyicha boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Yuy Tao, diplomatik korpus, ilmiy va akademik doiralar, davlat organlari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Xitoy va Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi ekspertlari ishtirok etdi.
Maʼruzachilar oʻz chiqishlarida “Inson huquqlarini hurmat qilish va kafolatlash toʻgʻrisida” nomli kitob Xitoyning inson huquqlarini himoya qilish masalalariga oid konseptual yondashuvlarini ochib beruvchi nufuzli manba sifatida muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladilar. Ushbu kitobning oʻzbek tilida nashr etilishi oʻzaro ilmiy maʼrifat almashish, davlatlararo muloqotni chuqurlashtirish va gumanitar hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochishi eʼtirof etildi.
Tadbir yakunida mehmonlar va ishtirokchilarga XXR Raisi Si Szinpinning “Inson huquqlarini hurmat qilish va kafolatlash toʻgʻrisida” nomli kitobining oʻzbek tilidagi nashri taqdim etildi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.








