Inson qadri ulugʻlangan yurtda kelajakka ishonch mustahkam

    Mamlakatimizda 28 Noyabr 2023 538

    Insonlarga mehr va gʻamxoʻrlik koʻrsatish – xalqimizga xos ulugʻ anʼana. Ayniqsa, yoshi ulugʻlarni eʼzozlash, ular qalbiga quvonch ulashish savobli amallar sirasiga kiradi.

    Soʻnggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan inson qadrini ulugʻlash, inson manfaatlari har narsadan ustun qoʻyilishi, bir soʻz bilan aytganda, insonga eʼtibor kuchaytirildi.

    Zero, bu davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida joriy yilni “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilishni taklif qilganlarida: «Nima uchun yilga bunday nom beryapmiz? Biz Oʻzbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini taʼminlashni ustuvor vazifa etib belgiladik.

    Aslida ham, bizning eng bebaho boyligimiz, bu – bunyodkor xalqimiz, duogoʻy ota-onalarimiz, navqiron avlodimiz emasmi? Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sogʻligʻi joyida boʻlishi, yaxshi taʼlim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak boʻlsa, hammasini yaratib berishga harakat qilyapmiz va bu yoʻldan aslo toʻxtamaymiz», deya taʼkidlagan soʻzlari amalda oʻz ifodasini topayotganining isbotidir. Shu bois mazkur tushuncha “Oʻzbektelekom” AK faoliyatining ham ustuvor maqsadlaridan biriga aylangan.

    Kompaniya tomonidan sohada uzoq yillar mehnat qilgan, ish jarayonida oʻzining faolligi bilan hamkasblariga oʻrnak boʻlayotgan soha xodimlari va yosh mehnatkashlarga alohida eʼtibor qaratib kelinadi. Xodimlarning mehnatini munosib ragʻbatlantirish, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida ular ishtirokida yurtimizning tarixiy va diqqatga sazovor joylariga uyushtirilayotgan sayohatlar hamda salomatlik oromgohlarida tashkil qilingan dam olish kunlari bu boradagi fikrlarimiz tasdigʻidir.

    Aytish joizki, yillar davomida anʼana tusini olgan ushbu yoʻnalishdagi tashabbuslar 2023-yilda ham davom ettirildi. Xususan, respublikamizda ichki turizmni jadal rivojlantirishni taʼminlashga qaratilgan va davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturiga muvofiq, kompaniyaning Kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan joriy yilning ayni vaqtiga qadar 1411 nafar ishchi-xodimni poytaxtimiz hamda yurtimizning koʻhna va hamisha navqiron Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlarida joylashgan hamda moziydan soʻzlovchi tarixiy shaharlariga sayohatga olib chiqildi.

    Kompaniyada, shuningdek, mehnat faxriylari, ijtimoiy himoyaga muhtoj xodimlar va pensionerlar ham doimiy eʼtiborda. Joriy yilda bu boradagi xayrli tashabbuslar ham davom ettirildi va respublikamiz boʻylab keng nishonlanuvchi muhim sanalar hamda “Aloqachilar kuni” kasb bayrami arafasida ularning holidan muntazam xabar olindi, gʻamxoʻrlik koʻrsatilib, mehr ulashildi.

    Xalqimizda “Salomatlik – tuman boylik” degan purmaʼno ibora bor va u hayotda koʻp bora oʻz tasdigʻini topgan. Haqiqatan ham, inson salomatligi mustahkam boʻlsa, koʻnglida xotirjamlik va ishida unum boʻladi. Shularni hisobga olgan holda “Oʻzbektelekom” AK sohada faoliyat yuritayotgan xodimlar, ularning oila aʼzolari, hatto tarmoqda uzoq yillar mehnat qilib, bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriylar uchun ham oromgoh va sanatoriylarda salomatlik kunlarini tashkil etib keladi. Joriy yilda ham shu maqsadda umumiy hisobda 1336 nafar xodimlar va ularning farzandlari sogʻlomlashtirish oromgohlari hamda sanatoriylarga yuborildi. Shundan 30 nafar mehnat faxriylari hamda 50 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ayol xodimlarning “Ugam” oromgohida mazmunli va maroqli dam olishlari tashkillashtirildi.

    Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, mehr-muruvvat va insonparvarlik tuygʻulari millatimiz uchun oliy qadriyatga aylangan. Bugun mamlakatimizda insonga eʼtibor va uning qadr-qimmatini ulugʻlash borasida amalga oshirilayotgan ezgu islohotlar esa xalqimiz ishtirokida barpo etilayotgan Yangi Oʻzbekistonning ustuvor maqsadlaridan biridir desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

    “Oʻzbektelekom” AK Axborot xizmati bilan hamkorlikda

    Gʻayrat Ernazarov tayyorladi.