Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyilini keng qoʻllash borasidagi ishlar davom ettirilishi haqida aytgan, bunda qiynoqlarning oldini olish boʻyicha ombudsman vakolatlarini kengaytirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, tergov izolyatori va jazoni oʻtash muassasalariga monitoring tashriflarini uyushtirish zarurligini taʼkidlagan edi.

Ombudsman joriy yil boshidan ana shu tizim asosida ishlarni boshlab yubordi.

Monitoring tashriflari tizimi doirasidagi navbatdagi jamoatchilik nazorati tadbiri Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 1-tergov hibsxonasida boʻldi.

Bu yerda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova boshchiligidagi ekspert guruhi, ommaviy axborot vositalari vakillari Milliy preventiv mexanizmi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, mahbuslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy yordam olish sharoitlari, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish holatlarini oʻrgandi.

Tergov hibsxonasida jinoyat ishi boʻyicha tergov yoki sud jarayoni ketayotgan mahbuslar vaqtincha ushlab turiladi. Muassasa masʼul xodimlarining aytishicha, bu yerdagi mahbuslar soni kun yoki soat sayin oʻzgarib turadi. Kimdir keladi, kimdir ketadi.

Mahbuslar uchun qisqa va uzoq muddatli uchrashuv, telefon soʻzlashuvi xonalarida yaratilgan sharoitlar yaxshi. Pochta va banderollarni qabul qilish jarayoni ham aniq tartib asosida yoʻlga qoʻyilgan. Tergov xonalarida kameralar bor, advokat bilan uchrashuv xonasi daxlsiz saqlanadi.

Ayollar joylashgan hudud. Uzun dahliz boʻylab hibsxonalar. Qalin temir eshik ortida kim borligini hozircha bilmaymiz...

Soqchilar eshikni ochadi. Xonada ikki qavatli ikkita karavot joylashgan. Oʻrtaga ovqatlanish uchun stol-stul qoʻyilgan. Panjara ortidagi derazaning ochiq qismidan koʻklam nafasi ufurib turibdi. Tokchaga pardoz ashyolari, gigiyenik vositalar terib qoʻyilgan. Oʻrin ustida badiiy kitoblar. Yoshi 40-45 lardagi ikki ayolning yuz-koʻzlari xomush boqadi, endigina 23 yoshga kirgan qiz esa hayoti barbod boʻlayotganidan ezilib yigʻlaydi. Najot kutadi.

Biri tovlamachilik, biri bosqinchilik, yana biri qotillik sodir etgani uchun bu yerda ushlab turilibdi. Ombudsman ulardan hol-ahvol soʻrab, sharoitlar bilan qiziqadi.

Javoblar oʻxshash: “Sharoitlar yaxshi, huquqlarimiz poymol qilinmayapti. Faqat adashdik, ota-onamizni, bolalarimizni sogʻindik, pushaymonmiz...”.

Oshxonada mahbuslar uchun ovqat tayyorlanayotgan ekan. Tushlikka qovurma shoʻrva, kechki nonushtaga baliq.

– Bizga olib kelingan mahsulotlar sifatsiz boʻlsa, qabul qilmaymiz. Sifatli mahsulot keltirishini soʻraymiz, – deydi oshxona masʼullari.

Kutubxona, sport maydonchalari ham bor. Muaassasa ichidagi poliklinikada dori-darmon yetarli. Yotib davolanish uchun ham boʻlmalar tashkil qilingan. Shifokorlarning aytishicha, mahbuslarni koʻproq qon bosimi koʻtarilishi bezovta qiladi.

– Oʻzbekistonda keyingi 4 yilda inson huquqlarini taʼminlash borasida juda katta oʻzgarishlar boʻldi, – dedi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) kotibiyatining sektor mudiri Temurbek Hayitov. – Bunga Prezidentimizning inson huquqlarini taʼminlashga doir siyosiy irodasi bilan erishganimizni alohida taʼkidlash joiz. Oddiy misol: oldinlari jazoning eng yengil turi oʻtaladigan manzil koloniyalarga kirib, mahkumlarga yaratilgan sharoit bilan tanishishning oʻzi boʻlmasdi. Bugun nafaqat biz kabi mutaxassislar, balki siz, jurnalistlar ham jazoni ijro etish muassasalarida boʻlib, mahbuslar bilan muloqot qilish huquqiga egasiz.

Tergov hibsxonasida Milliy pereventiv mexanizmi ishtirokchilari mahbuslar bilan suhbatlar oʻtkazdi. Oʻrganish natijalari boʻyicha xulosalar umumlashtirilib Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etiladi.

Oʻzbekiston inson huquqlarini taʼminlash, qiynoqlarga barham berish borasida yaxshi koʻrsatkichlarga erishdi. Bu xalqaro miqyosda ham tan olinmoqda. Buning yaqqol misoli sifatida jazoni ijro etish muassasalarida yaratilgan sharoitlarni keltirish mumkin. Lekin bir tamoyil borki, uni hech birimizning unutishga haqqimiz yoʻq: har qanday jinoyatga jazo muqarrar.