Inson qadriga qaratilgan masalalar ijrosi koʻrib chiqildi

    Hukumat 7 Aprel 2022 4064

    Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 7-aprel kuni ichki yoʻllarni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchatlar ekish, davlat xizmatlari koʻrsatishni soddalashtirish masalalari ijrosi boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

    Davlatimiz rahbari bu uchala vazifa ham inson qadri, xalq roziligi bilan bogʻliq ekanini taʼkidladi.

    Haqiqatan, ichki yoʻllar ahvoli odamlarni eng koʻp qiynaydigan muammo. Yaqinda “Tashabbusli byudjet” portali orqali aholidan tushgan 20 mingta taklif yoki jami murojaatlarning 25 foizi shu masalaga oid boʻlgani uning dolzarbligidan dalolat beradi.

    Ichki yoʻllar sifatini yaxshilash boʻyicha Andijon viloyatida yangi tajriba boshlangan. Sement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan klaster tashkil etilib, 31 ta chekka mahalladagi 23 kilometr yoʻl sement-beton qoplamaga oʻtkazilgan.

    Asfalt oʻrniga sementdan foydalanish orqali qurilishdan 600 million soʻm iqtisod qilingan, 350 ming dollarlik bitum importi uchun mablagʻ tejalgan. Eng asosiysi, ushbu klaster oʻzi qurgan yoʻllarni 10 yil davomida kafolatli saqlashni zimmasiga olgan.

    Ushbu tajriba asosida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda jami 2 ming 300 kilometr sement-beton qoplamali ichki yoʻllar barpo etish vazifasi qoʻyildi.

    Hisob-kitoblarga koʻra, joriy yil yakuni bilan mahalliy sement ishlab chiqarish hajmi 18 million tonnaga yetadi. Bu bilan ichki ehtiyojlar toʻliq qoplanadi.

    Yoʻl klasterlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun, 1-maydan boshlab yil yakuniga qadar, sement-beton qoplamali yoʻl qurish texnikalari importi bojxona boji va utilizatsiya yigʻimidan ozod qilinadi.

    Bundan tashqari, joriy yilda tuman markazlari va shaharlarda 670 kilometr piyoda va velosiped yoʻlaklari barpo etish rejalashtirilgan. Ularni ham sement-betondan qurish, loyihalashda drenaj tizimiga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.

    Maʼlumki, 2-fevral kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hozirgi bahor mavsumida 125 million tup koʻchat ekish reja qiligan edi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi hamda hokimliklar shu paytgacha bajarilgan ishlar boʻyicha hisobot berdi.

    Har bir mahalla, taʼlim muassasalari, ariqlar va yoʻl boʻylariga daraxt koʻchatlari hamda terak qalamchalari ekilishi aytildi. 5 yoshdan kam boʻlmagan mevali va manzarali daraxtlarni bir tekisda oʻstirish boʻyicha Toshkent shahrida boshlangan tajribani boshqa shaharlarda ham joriy qilish lozimligi qayd etildi.

    Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yangi sugʻorish tizimi va quduq qazish ishlari sifati ham koʻrib chiqildi.

    Kun tartibidagi navbatdagi masala – davlat xizmatlari koʻrsatishni soddalashtirish va koʻlamini kengaytirishga qaratildi. Aholiga qulaylikni oshirish boʻyicha navbatdagi vazifalar belgilandi.

    Xususan, shu yil 1-iyuldan boshlab 38 turdagi davlat xizmatlari uchun elektron imzo bilan tasdiqlash talabi bekor qilinib, mobil telefon orqali amalga oshiriladi. 6 turdagi litsenziya olish uchun talablar bekor qilinadi. Aholi va tadbirkorlar uchun 8 dan ortiq davlat xizmati boʻyicha elektron xabardor qilish tizimi joriy etiladi. Aholi va tadbirkorlardan kommunal tashkilotlarning 32 turdagi hujjat va maʼlumotnomalarini talab qilish bekor qilinadi. Ehtiyojmand oilalar farzandlari oliy oʻquv yurtlariga test sinovlarida ishtirok etish toʻlovlaridan ozod etiladi.

    Umuman, kelgusi yil yakuniga qadar markazlar orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlari soni hozirgi 172 tadan 300 taga, mobil ilova orqali 60 tadan 250 taga yetkazilishi belgilandi.

    Hududlarda davlat xizmatlari markazlari qurish boʻyicha ham topshiriqlar berildi.