Yurtimizda har bir sohada roʻy berayotgan oʻzgarishlar avvalo inson uchun yaratilayotgan qulayliklarning yorqin ifodasidir.

Oʻtgan yillar davomida samarali islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, aholi murojaatlari bilan ishlash jarayoniga yangi mexanizmlarning tatbiq etilishi orqali qonun ustuvorligini taʼminlash, aholini qiynab kelgan muammolarni hal etish, qiynoqlarning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, soʻz erkinligini mustahkamlash kabi qator yoʻnalishlarda salmoqli natijalarga erishildi.

Qolaversa, jinoyat sodir etib, chin koʻngildan pushaymon boʻlgan hamyurtlarimizning afv etilishi va ularning jamiyatga moslashishiga koʻmaklashish, “Mehr” operatsiyalari doirasida urush oʻchoqlaridan ayollar va bolalarni qaytarish, ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatish borasidagi Oʻzbekiston tajribasi xalqaro hamjamiyat tomonidan koʻp bora eʼtirof etildi.

Men ham oʻtgan yil 25-noyabrda Jizzax shahridagi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamenti 3-mintaqaviy hudud 29-sonli manzil-koloniyasidagi mahkumalar bilan ochiq muloqot oʻtkazganimda, ushbu koloniyadagi mahkuma ayollardan biri chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik oʻtkazilishida amaliy yordam soʻrab murojaat qilgan edi. Oʻsha kundan boshlab har oyning oxirgi kunlarida “Sogʻlom oila — mustahkam oila” loyihasi doirasida tibbiy koʻriklar va psixologik treninglar tashkillashtirib borilishi toʻgʻrisida reja qilib olgan edik.

Joriy yil 7-yanvarda rejamiz asosida ushbu koloniyada chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikni tashkil etdik. Tibbiy koʻrikka viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasiga qarashli respublika tez tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filiali, viloyat OITS va OIV markazi, sil kasalliklari dispanserining eng malakali xirurg, travmatolog, urolog, ginekolog, okulist, nevropatolog va boshqa turdagi kasalliklar shifokorlari, laborant-mutaxassislar maxsus tibbiy mobil avtobus, yetarli miqdordagi tibbiy anjomlar, rentgen, mobil ijtimoiy dorixona jalb etildi. Ushbu koloniyadagi barcha mahbuslar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Shu kuni bu yerga “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Jizzax viloyati filiali tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi xodimlari ham kelib, tibbiy koʻrik davomida shifokorlar koʻrsatmasiga asosan mahbuslarga dori-darmon, sanitariya-gigiyena vositalari, tibbiy jihozlar tarqatdi.

Ushbu chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad, avvalo inson qadrini ulugʻlash, mahkumlarning jamiyatimizda oʻz oʻrni borligi va ularning haq-huquqlari, salomatliklarini himoya qilishdan iborat. Chunki ular ham shu xalqning, shu yurtning farzandlari. Bilib-bilmay adashgan vatandoshlarimizni maxsus koloniyalarda qayta tarbiyalab, toʻgʻri hayot yoʻliga boshqarish hammamizning burchimizdir.

Abdulaziz Xyjakov,

Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi

“Axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida

ochiqlikni taʼminlash” masalalari boʻyicha

doimiy komissiyasi raisi.