Joriy yil 29-martda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun shu ijobiy ishlarning mantiqiy davomi boʻldi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi oʻrinbosari Mirzatilla TILLABOYEV ushbu Qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati bilan bogʻliq savollarimizga javob berdi.

– Mazkur Qonunni ishlab chiqish va qabul qilish zaruratini nima bilan izohlaysiz?

– Qonun Oʻzbekiston Prezidentining 2020-yil 24-dekabrda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib ishlab chiqilgan va qabul qilingan. Murojaatnomada tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish zarurligiga eʼtibor qaratilgandi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markaziga qiynoqlarning oldini olish yuzasidan fuqarolarda jiddiy eʼtirozlarni keltirib chiqargan hamda mamlakatimizning xalqaro nufuziga salbiy taʼsir koʻrsatgan omillarni bartaraf etish boʻyicha vazifalar yuklangandi.

Bu oʻrinda 2021-yil 26-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingani muhim ahamiyat kasb etganini alohida taʼkidlash lozim.

Qarorda qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, Ombudsman huzurida Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha jamoatchilik guruhlari tuzildi.

Bundan tashqari, tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etildi. Bugungi kunga qadar bu kurslarda sohaning 1 ming 200 dan ortiq xodimi oʻqitildi.

eʼtibor bering: Prezident qarorida qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam koʻrsatilishini hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini taʼminlash – qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Bunday jinoyatdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish tartibini ishlab chiqish koʻzda tutildi.

Shu maʼnoda, ushbu Qonunning qabul qilinishi, avvalambor, Oʻzbekiston Prezidentining tegishli topshiriqlari amalda tatbiq etilishini taʼminladi. Qolaversa, milliy qonunchilikda bu borada mavjud boʻshliq toʻldirildi.

– Qonun bilan Fuqarolik kodeksiga qanday oʻzgartirishlar kiritildi?

– Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 991-moddasida tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning qonunga xilof harakatlari tufayli yetkazilgan zarar uchun javobgarlik koʻzda tutilgan.

Birinchidan, mazkur moddaga zarur oʻzgartirishlar kiritildi. Yaʼni, endilikda qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash natijasida yetkazilgan zararning toʻla hajmda toʻlab berilishi belgilab qoʻyildi.

Ikkinchidan, davlat organlari mansabdor shaxslarining bunday harakatlari gʻayriqonuniy ravishda sodir etilganda jabrlanuvchiga ruhiy va jismoniy azob etishi mumkinligi hisobga olinib, bunda jabrlanuvchi boshidan kechirgan ogʻir ichki kechinmalari va iztiroblarini yumshatish maqsadida maʼnaviy zararning ham qoplanishi nazarda tutildi. Shu maqsadda Fuqarolik kodeksining 1021-moddasi ikkinchi qismi toʻldirildi.

Bundan buyon maʼnaviy zarar uni etkazuvchining aybidan qatʼi nazar qoplanishi lozim boʻlgan holatlarga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash jinoyati natijasida yetkazilgan zararni qoplab berish ham kiradi.

Milliy qonunchilikka kiritilgan ushbu oʻzgartirish va qoʻshimchalarning ahamiyati nimada?

– Bularning barchasi inson huquqlarini taʼminlash va qadr-qimmatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, fuqarolarga qiynoqqa solish oqibatida yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni, idorama-idora sarson boʻlib yurmasdan, qonuniy asosda undirib olish imkonini beradi.

Qonunning maqsadi qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish tartibini huquqiy mustahkamlashdan iboratdir. Uning qabul qilinishi natijasida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlariga duchor boʻlgan shaxslarga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararlarni undirish mexanizmlari takomillashtirilgani juda muhim.

Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sud xodimlarining bu boradagi masʼuliyat va javobgarligini kuchaytirish imkoni ham tugʻildi. Jumladan, yetkazilgan zarar, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari aybidan qatʼi nazar, davlat tomonidan toʻla hajmda qoplanadigan boʻldi.

Bunda qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam koʻrsatilishi hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini taʼminlash koʻzda tutilmoqda. Yaʼni, qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan jismoniy va ruhiy zarar, moddiy zarar yoki boy berilgan foyda, maʼnaviy zarar, yuridik yordam, dori vositalari va tibbiy xizmat, psixologik va ijtimoiy xizmatlar uchun qilingan xarajatlar toʻlab beriladi.

– Mazkur Qonun Oʻzbekistonning xalqaro shartnomalardagi majburiyatlarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishga nechogʻlik xizmat qiladi?

– 1966-yilgi Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktda ishtirok etuvchi har bir davlat mazkur Paktda tan olingan huquqlari va erkinliklari buzilgan har qanday shaxsni, agar bu buzilish rasmiy sifatda harakat qilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan boʻlsa ham, huquqiy himoyaning samarali vositasi bilan taʼminlash majburiyatini oʻz zimmasiga olishi koʻzda tutilgan.

Oʻz navbatida, BMTning Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi konvensiyasining 14-moddasida: “Har bir ishtirokchi davlat oʻzining huquqiy tizimida qiynoqlarning qurboni tovon olishini va iloji boricha toʻlaroq tiklanish uchun mablagʻlarni qamrab oluvchi, huquqiy sanksiya bilan toʻldiriladigan adolatli va muqobil tovon (kompensatsiya) olish huquqiga ega boʻlish huquqini taʼminlaydi”, deb belgilangan.

Oʻzbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasini 1995-yilda ratifikatsiya qilgan. Mazkur Qonun asosida inson huquq va erkinliklari sohasida, shu jumladan, qiynoqlarga yoʻl qoʻymaslik uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga doir xalqaro majburiyatlarimizni bajarish yoʻlida tizimli, izchil va bosqichma-bosqich chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Shuni ham taʼkidlash kerakki, 2021-yil 10-aprelda Oʻzbekiston uchun Yevropa Ittifoqining barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv boʻyicha maxsus preferensiyalar tizimi (GSP+) kuchga kirdi.

Ushbu tizimga (GSP+) qoʻshilayotganda mamlakatlar inson va mehnat huquqlariga, atrof-muhit va iqlim muhofazasi hamda sifatli boshqaruvga oid 30 dan ortiq asosiy xalqaro konvensiyani samarali amalga oshirish majburiyatini zimmasiga oladi. Bu muhim hujjatlarning 7 tasi bevosita inson huquqlariga bagʻishlangan xalqaro shartnomalar hisoblanadi.

Maʼlumki, mamlakatimizda qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash jinoyatini sodir etganlik uchun 2020-2021-yillar davomida 30 nafar mansabdor shaxs sudlangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 989-moddasida yuridik shaxs yoxud fuqaro oʻz xodimi mehnat majburiyatlarini bajarib turgan vaqtida etkazgan zararni qoplashi belgilangan. Shunday boʻlsada, Kodeksning maxsus moddalarida bu haqda koʻrsatilmagandi.

Ayni shu holatlar xalqaro tashkilotlarning eʼtiroziga sabab boʻlgan. Xususan, BMT Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasining 2020-yil 1-maydagi tavsiyasi va BMT Qiynoqqa qarshi qoʻmitasining 2020-yil 14-yanvardagi tavsiyasida qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni ularga yoki yaqin qarindoshlariga toʻliq kompensatsiya qilish zarurligi qayd etilgan.

Yanada aniq qilib aytganda, qiynoq bilan bogʻliq holatlar mamlakatning xalqaro maydondagi nufuziga, shu jumladan iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reyting hamda indekslardagi oʻrniga salbiy taʼsir koʻrsatayotgandi.

Shu nuqtayi nazardan, BMT Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasining Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt bajarilishi boʻyicha Oʻzbekiston taqdim etgan beshinchi davriy hisobotiga oid yakuniy tavsiyalaridan kelib chiqqan holda qabul qilingan ushbu Qonun bugungi kunda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotini taʼminlashga munosib hissa qoʻshadi.

Bunday muhim huquqiy qadamlar dunyo hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilayotgan demokratik islohotlarimiz xalqaro darajada yana bir bor eʼtirof etilishiga olib keladi. Mamlakatimizning xalqaro reyting va koʻrsatkichlardagi oʻrni yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Oydin IBROHIMOVA suhbatlashdi.