баннер
24 Apr 2025
09:55

    Inson qalbi uning qilgan ishlarida aks etadi

    Metallurgiya yoʻnalishining yetuk olimi, texnika fanlari doktori, professor Soyib Abdurahmonov 80 yoshga toʻldi.

    Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialida metallurgiya yoʻnalishining yetuk olimi, texnika fanlari doktori, professor Soyib Abdurahmonov tavalludining 80-yilligiga bagʻishlangan Respublika ilmiy-amaliy anjumani boʻlib oʻtdi.

    “Oʻzbekistonda kon-metallurgiya xomashyolarini qayta ishlash texnologiyalarining dolzarb muammolari va yechimlari” mavzusida tashkil etilgan anjumanda kon-metallurgiya sohasining yetakchi olimlari, mutaxassislar, ustozning hamkasblari, shogirdlari va qoʻshni davlatlardan mehmonlar ishtirok etdi.

    Tadbirni Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali direktori A.Samadov kirish soʻzi bilan ochib berdi. Unda ilm-fan bilan saodat, baxt va kamolotga, piru badavlatlik maqomiga erishgan zamondoshimiz, yurtimizda fanning metallurgiya yoʻnalishiga ulkan hissa qoʻshgan, yuzlab shogirdlar yetishtirgan, qutlugʻ yoshida jamiyatda faol yelkadosh boʻlayotgan inson, ustoz Soyib Abdurahmonov hayoti, ilmiy-pedagogik faoliyati haqida soʻz yuritildi.

    Shundan soʻng TDTU rektori S.Turabdjonov, Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori, Oʻzbekiston Qahramoni Q.Sanaqulov, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti rektori B.Mardonov, MTTU MISiS Olmaliq filiali direktori F.Umarov, Oʻzbekiston faxriylarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi Respublika boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari Sh.Usmanov hamda Oʻzbekiston taʼlim va fan xodimlari Kasaba uyushmasi Respublika kengashining Toshkent viloyati vakillarining tabriklari tinglandi.

    – Inson qalbi uning qilgan ishlarida aks etadi, – dedi notiq. – Texnika fanlari doktori, professor Soyib Abdurahmonov u amalga oshirgan ishlar, erishgan yutuqlari, shogirdlari, baxt qoʻrgʻoni – oilasiga qarab, ustoz umri davomida yaratgan bogʻ timsolida baho berish mumkin.

    Soyib Abdurahmonovning uzoq yillar davomida sohaga fidoiyligi, tinimsiz mehnati va ilm-fan choʻqqilarini egallashga boʻlgan ishtiyoqi 1972-yilda texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga, 1976-yilda dotsent ilmiy unvoniga, 1997-yilda texnika fanlari doktori ilmiy darajasiga, 2000-yilda professor unvoniga ega boʻlishiga xizmat qildi. 1997-yil 26-avgust kuni u “Shuhrat” medaliga, 2015-yil 31-martda Navoiy kon metallurgiya kombinati tomonidan III darajali “Konchilik shuhrati” nishoniga, 2017-yil 31-avgustda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan II darajali “Konchilik shuhrati” nishoniga sazovor boʻldi. 2022-yil 29-avgustda mustaqillikning 32-yili munosabati bilan Vatanimizning yuksak mukofoti “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi. Quvonarlisi, boʻlib oʻtgan anjuman davomida ustoz Soyib Abdurahmonovga Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan I darajali “Konchilik shuhrati” nishoni topshirildi.

    Ustozning ilmiy-pedagogik, rahbarlik, tashkilotchilik faoliyati va insoniylik jihatlariga nazar tashlasak, bir insonda qancha qobiliyat boʻlishi mumkin boʻlsa, ularning hammasi ustozda mujassam, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

    Har bir salohiyatli, qobiliyatli shogird ustozning faxri hisoblanadi. Soyib Abdurahmonov ilmga layoqati boʻlgan yoshlarni diqqat-eʼtiboriga olib, ularga toʻgʻri yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, sabr bilan fan olamiga yoʻlladi. Shu sababli bugungi kunda ustozdan taʼlim olib, ilmiy unvon va darajalarga erishgan shogirdlar sulolasi yetishib chiqdi. Ustoz shogirdlariga muvaffaqiyatga mehnat, sabr va tinimsiz ilm olish bilan erishish mumkinligini uqtirib keladi.

    Oʻz ishing toʻgʻrisida birovdan maslahat olmoqchi boʻlsang, avvalo, uning ishi qandayligiga eʼtibor qil, degan naqlga amal qilib, Soyib Abdurahmonovning oʻzi har bir masalada shogirdlariga namuna boʻladi. Aytilgan vaʼdaning ustidan chiqish, mehnatsevarlik, ishni oxiriga yetkazish, halollik va rostgoʻylik...

    — Hayotim davomida amalga oshirgan barcha ishlarimda avvalo qon va jism orqali oʻtgan ota-onamning siymu siyrati, yaʼni toʻgʻrilik, halollik, mehnatkashlik gavdalangan, — deydi Soyib Abdurahmonovich, — yana shu narsaga amin boʻldimki, ilm insonga baxt keltirar ekan. Ilm meni komillik yoʻliga yetakladi, pir-u badavlatlik maqomiga yetkazdi. Bundan beqiyos, beadad shukronalik tuygʻularini his etaman...

    Anjuman sohadagi dolzarb mavzulardagi suhbatlar, bahs-munozaralarga boy boʻldi. Shundan soʻng anjuman ishi 5 ta shoʻbalarda olib borildi, mutaxassislar tomonidan sohaga doir yoʻnalishlardagi ilmiy ishlar yuzasidan maʼruzalar tinglandi.

    Ustozning yubiley yoshiga atab filial rahbariyatining tashabbusi bilan «Ilm saodat yoʻlidir« kitobi nashr etildi.

    Ayniqsa, ustozning Andijon viloyati Shahrixon tumanidan kelgan doʻstlari, qarindoshlari, qoʻni-qoʻshnilari hamda tadbirda ishtirok etayotgan mehmonlarning yuzlarida samimiy tabassum, koʻtarinki kayfiyat mujassam edi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari ustoz Soyib Abdurahmonovga samimiy tilaklar bildirishdi. Fayzli umr sohibi boʻlgan ustozning hayotiy qarashlari, tutgan tutumi, insoniy fazilatlari juda koʻplarga oʻrnak, namuna, ibrat boʻlsa ne ajab. Zero, yaxshi va ilmli inson boʻlish hamma davrlarda ham odamlarning orzu-havasi boʻlgan.

    Zulxumor AKBAROVA

    Telegram kanalimiz
    Text to speech