Institutda oʻquv-ijodiy jarayonlar sifatini yanada yaxshilash hamda mehnat jamoasini ragʻbatlantirish maqsadida kombinat tomonidan 3 milliard soʻmdan ziyod homiylik yordami koʻrsatildi.

Bundan tashqari, Doʻstlar klubi doirasida institut oʻqituvchi va talabalari ishtirokida “Metallurg” madaniyat saroyida ijodiy haftalik oʻtkazildi. Toʻrt kun davomida shahar aholisi va yoshlar, kombinat mehnat jamoasi uchun Choʻlpon tavalludining 125-yilligiga bagʻishlangan “Kunduzsiz kechalar” nomli spektakl namoyish etildi, Oʻzbekiston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzovning “Oʻshal Boburmen, men” nomli mualliflik asari hamda “Oʻzbek milliy akademik drama teatrining ijodkorlari” nomli kitoblar xarid qilinib, mingga yaqin ishchi-xodimlarga ulashildi.

Shu oʻrinda atoqli adib Oʻtkir Hoshimovning ushbu bitigi yodga тушади.”Одамзод nima uchun kaftdek hovlisiga gul ekadi? Undan koʻra sholgʻom eksa, qozoniga тушади-ку... Odamzod nima uchun bulbul "chax-chax"ini eshitganda entikib ketadi? Undan koʻra bulbulni shoʻrvaga solib pishirsa, nafsini қондиради-ку....

Odamzod nima uchun bolasining boshida alla aytadi? Goʻdak alla eshitmasa uxlamaydimi? Gap shundaki, Odamzodni hayvonotdan ajratib turadigan chegara bor. Bu chegaraning nomi Maʼnaviyat deb аталади...”

Madaniyat muassasalariga, ijodkorlar faoliyatiga eʼtibordan maqsad nima, degan savolga adibning shu fikrda javob yotgandek. Inson qalbiga, ruhiga ozuqa beruvchi, tarbiyalovchi eng muhim omil, maʼnaviy tizginlardan biri, bu sanʼat va ijoddir.

Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi “Navroʻz” ashula va raqs jamoasining joriy yil mart oyida Italiyaga qilgan ijodiy safari xalqimizning betakror milliy sanʼati va qadriyatlarini jahon sahnasida yana bir bora eʼtirof etilishiga sabab boʻldi. Dunyoning 29 ta davlatidan 52 jamoa ishtirok etgan festivalda “Navroʻz” jamoasi “Lazgi” raqsini ijro etib, Gran-prini qoʻlga kiritdi. Quvonarlisi, ushbu muvaffaqiyatli safar kombinat homiyligida amalga oshirildi.

Filarmoniya ijodiy jamoasi bilan Doʻstlar klubi doirasida ham madaniy tadbirlari tashkil etib kelinmoqda.

Kombinat tomonidan sanʼat va ijodiy faoliyatni ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan loyihalar ichida “Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali alohida oʻrin tutadi.

“Tinchlik, maʼrifat va taraqqiyot uchun” degan ezgu gʻoya asosida oʻtkazilgan mazkur anjumanda jahonning 35 davlatidan 300 dan ziyod kino ustalari ishtirok etdi. Bu yirik xalqaro anjumanni yuqori saviyada tashkil etish uchun Milliy kinematografiya markaziga Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan 14 milliard soʻmdan ziyod homiylik yordami koʻrsatildi.

Yosh avlod taʼlim-tarbiyasida ajdodlar hayoti va tariximizni oʻrgatish va oʻrganish muhim oʻrin tutadi. Kombinat homiyligida buyuk bobomiz Abu Ali Ibn Sino hayotiga bagʻishlangan noyob asarning chop etilgani alohida eʼtirofga loyiq. Yozuvchi Abdujalol Rahimning Ibn Sino hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan uch kitobdan iborat trilogiyasining taqdimot marosim Chinoz tumanidan boʻlib oʻtdi.

Bu borada kombinat jamoasi yana bir xayrli tashabbusni amalga oshirdi. Yaqinda nashrdan chiqqan “Sevgi romanslari” kitobi oʻzbek romanschiligining asoschilari boʻlgan bastakorlarning ijod namunalarini oʻz ichiga oladi.

Olmaliq shahridagi 16 ta umumtaʼlim maktablarini musiqa asboblari bilan taʼminlashga kombinat tomonidan koʻrsatilgan amaliy yordam tufayli minglab yosh avlod uchun dastlabki musiqa va sanʼat ilmini egallashlariga imkon yaratildi.

Taʼkidlash joizki, Toshkent viloyati hududidagi madaniyat va maʼrifat maskanlarini aholiga samarali xizmat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan loyihalarda ham Olmaliq kon-metallurgiya kombinati faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, Parkent tumanidagi “Chotqol” madaniyat saroyi kombinat bunyodkorlari tomonidan toʻliq taʼmirlanib, Mustaqillik ayyomining 32-yilligiga munosib sovgʻa sifatida foydalanishga topshirildi.

Nurafshon shahridagi viloyat Yozuvchilar uyushmasi hamda Maʼnaviyat va maʼrifat maskanining zamonaviy, koʻrkam qiyofa kasb etib, Toshkent viloyatining ijodkor, ziyolilariga tuhfa etilishida ham kombinatning alohida hissasi borligi quvonarlidir. Kombinat jamoasi xalqimizga yangi umid, yangi ishonch berayotgan hayotbaxsh islohotlarda faol ishtirok etishni sharaf deb biladi.