Bu borada 140 ming kambagʻal oilaga shifokor biriktirib, ularni yiliga bir marta toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Endi kafolatlangan tibbiy xizmatlar koʻpaytirilib, kambagʻal oilalarning bunga sarf qiladigan xarajati 2 karra qisqartiriladi. Bunda ularga bepul dori va kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi taqdim etiladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bilan manzilli ishlash kambagʻallikka qarshi kurashda asosiy yoʻnalishlardan biri. Bu tizim tubdan isloh qilinib, ilgari 6 ta davlat tashkilotida boʻlgan vakolatlar yagona Ijtimoiy himoya milliy agentligiga birlashtirildi. Qisqa muddatda har bir tuman va shaharda 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlarni “bir darcha” tamoyili asosida koʻrsatadigan “Inson” markazlari tashkil qilindi. Har bir mahallada ijtimoiy xodim aholi bilan proaktiv ishlamoqda.
Imkoniyati cheklangan aholining kambagʻallikka tushib qolish ehtimoli yuqoriligi bois, ularni qoʻllab-quvvatlash, inklyuzivlik asosida jamiyatga integratsiya qilish boʻyicha yangi yondashuvlar ishlab chiqildi. Munosib mehnat sharoiti yaratilgani uchun bu yil 150 ming nogironligi bor shaxslar ishga joylashdi. Ularga hayotiy zarur tibbiy jihoz, aravacha va protezlar bepul yetkazib berilmoqda.