Ayni paytda taʼlim-tarbiya tizimini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Farzandlarimizning jahon andozalariga mos sharoitda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, jismoniy va maʼnaviy jihatdan yetuk insonlar boʻlib voyaga yetishini taʼminlash, qobiliyat va isteʼdodi, intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarish borasida ulkan ishlar bajarilmoqda. Bu borada qilinayotgan ishlar samarasini Navoiy davlat pedagogika instituti misolida ham koʻrish mumkin.
Zamonaviy hayotni bugun ilm-maʼrifat va taʼlim taraqqiyotisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Insoniyat fan oʻqi atrofida aylanayotgandek goʻyo. Jahonning yetakchi davlatlarida taʼlimni rivojlantirish birinchi galdagi vazifa sifatida belgilanishi ham bejiz emas. Negaki mamlakatning kelgusi ravnaqi aynan shu sohada qoʻlga kiritgan yutuqlari bilan chambarchas bogʻliq.
Keyingi yillarda Navoiy davlat pedagogika institutida qator ijobiy oʻzgarishlar kuzatildi. Taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar soni koʻpaydi. Jumladan, bakalavriat yoʻnalishlari 28, magistratura mutaxassisliklari 17 taga yetdi. Hozir muassasamizda 15 ming 582 nafar yigit-qiz taʼlim olmoqda.
Yangi oʻquv yili uchun bakalavriat va magistratura yoʻnalishlari qabul kvotalari ish beruvchilarning talabidan kelib chiqib, oʻtgan yilgi qabul rejasiga nisbatan 30 foiz oshirildi.
Bugungi global oʻzgarishlar inson salomatligi masalasini kun tartibiga chiqarib, tibbiy taʼlimga koʻproq eʼtibor qaratish zaruratini yuzaga keltirdi. Shu bois, institutimizda 2021/2022 oʻquv yilidan eʼtiboran yangi tibbiyot fakulteti hamda ijtimoiy ish sirtqi taʼlim yoʻnalishi ochiladi.
Uzluksiz taʼlim tizimining asosiy maqsadi — maktabgacha, umumiy oʻrta va oliy taʼlim hamkorligidir. Institut jamoasi bu borada ham qator amaliy ishlarni yoʻlga qoʻydi. Taʼlim sifatini oshirish uchun viloyatdagi qator maktablarga pedagog xodimlar biriktirildi. Oʻquvchilarning fanga qiziqishini oshirish, oliy taʼlimga kirish koʻrsatkichini yaxshilashni nazarda tutib, institut professor-oʻqituvchilari maktablarda kimyo, biologiya, tarix, matematika va boshqa fanlar boʻyicha toʻgaraklar tashkil etdi. Oliy taʼlimga kiruvchilar tavsiya va yoʻl-yoʻriqlar ishlab chiqdi.
Institut olimlari tomonidan 20 dan ortiq innovatsion ishlanma yaratildi. Shulardan 5 tasi hududiy ishlab chiqarish muammolari yechimi boʻyicha moliyalashtirish dasturiga kiritilgani taʼlimning amaliyot bilan uzviyligi taʼminlanayotgani, yangi texnologiyalar hayotga tatbiq etilayotganini koʻrsatadi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Britaniya kengashining yurtimizdagi vakolatxonasi hamkorligida oliy taʼlim sifatini oshirishga yoʻnaltirilgan “Oʻzgarishlar akademiyasi” nomli umumiy qiymati 200 ming funt sterling boʻlgan xalqaro grant loyihasi bajarilmoqda. Qolaversa, yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan oʻndan ortiq professor-oʻqituvchi institutimiz oʻquv jarayoniga jalb qilinyapti.
Jamiyat rivojini ilm-fandagi kashfiyotlar, qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar belgilaydi. Shu maʼnoda, institutimiz professor-oʻqituvchilari ham keyingi yillarda qator muvaffaqiyatlarga erishdi. Shu yilning oʻzida institut professor-oʻqituvchilari 20 dan ortiq fan doktorligi va falsafa doktorligi dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi. Doktorant va mustaqil izlanuvchilar ustoz-shogird anʼanasi asosida tadqiqotlar olib bormoqda.
Institutimizda “Taʼlim, fan va ishlab chiqarish innovatsion hamkorlik” tadqiqot markazi faoliyat olib bormoqda. Hozir unda Navoiy davlat pedagogika institutining 24 ta kafedrasi professor-oʻqituvchilari oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Institut kafedralarini oʻz ichiga oluvchi 18 ta innovatsion guruh tashkil etilgan. Ular Xalq taʼlimi vazirligiga tegishli oʻquv muassasalari bilan 36 ta, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tashkilotlari bilan 22 ta, viloyat tashkilotlari bilan 11 ta innovatsion hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.
Navoiy viloyatidagi 229 ta mahallada institut professor-oʻqituvchilari ishtirokida “Bir ziyoli — bir mahallaga maʼnaviy homiy” tamoyili asosida maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbirlari tashkil qilindi. Bundan tashqari, institutga Navoiy shahridagi 10 mahalla biriktirilgan boʻlib, uyushmagan va band boʻlmagan yoshlar bilan samarali ishlar olib borilmoqda.
Yurtimizda ilmu maʼrifatga boʻlgan ishtiyoq, intilish azaldan qadrlab kelinadi. Buyuk bobokalonlarimiz oʻzlarining yuksak aql salohiyatlari bilan dunyo tamadduniga salmoqli hissa qoʻshgan. Ilmli inson har qanday jamiyatda qadrlangan, uning shaʼni, nufuzi jamiyat oldida yuksak boʻlgan.
Shu maʼnoda, bugun Navoiy davlat instituti misolida yurtimizda taʼlimga, ilm-maʼrifatga qaratilayotgan eʼtiborni yanada yuksaltirish muhim ahamiyat kasb etayotgani va shunga monand keng koʻlamli ishlar qilinayotganini taʼkidlash lozim. Zero, ilm-fan taraqqiyoti har qanday davlat kuch-qudrati, taraqqiyotining kafolatidir.
Bahodir SOBIROV,
Navoiy davlat pedagogika instituti rektori