Mamlakatimizda 2017—2022-yillarda amalga oshirilayotgan ishlar va “Inson qadri uchun” tamoyili asosida bajarilayotgan keng ko'lamli islohotlar bugun davlatimizning bosh Qomusiga ham tegishli  o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish hayotiy zaruriyatga aylanib borayotganidan darak bermoqda.

Agar dunyo mamlakatlariga e'tibor beradigan bo'lsak, bugungi kunga kelib, so'nggi 30 yilda 90 ga yaqin davlat o'z konstitutsiyasiga o'zgartirishlar kiritgan. Bunga  davlatlarda ro'y berayotgan demokratik islohotlar sabab bo'lmoqda.

1992-yil, 8-dekabrda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi endigina mustaqillik ostonasiga qadam qo'ygan yurtimiz uchun muhim tarixiy voqelik bo'lgan bo'lsa, bugungi globallashuv jarayonida rivojlanib, jahon mamlakatlari e'tirof etib kelayotgan mamlakatimizdagi islohotlarga hamohang tarzda bosh Qomusimizga o'zgartirishlar kiritish, o'zgarib borayotgan jarayonlarlardagi fuqarolar huquq va erkinliklarini qonun doirasida mustahkamlash davr talabi ekani hech kimga sir emas.

Quvonarlisi, Konstitutsiyaga kiritilayotgan o'zgartirish va qo'shimchalarga fikr va takliflar xalq tomonidan bildirilmoqda. Bir so'z bilan aytganda bosh Qomusimiz xalqimiz bilan birgalikda, uning muallifligida yaratilmoqda. 20-iyun kuni davlatimiz rahbarining respublika Konstitutsiyaviy komissiyasi a'zolari bilan bo'lgan uchrashuvda Konstitutsiyamizni takomillashtirish bo'yicha mamlakatimiz kelajagiga befarq bo'lmagan fuqarolar tomonidan shu davrga qadar 48 ming 492 ta taklif kelib tushgani e'tirof etilib, konstitutsiyaviy islohotlar muhim hayotiy zarurat ekanini ta'kidladilar.

Takliflar orasida aholi banligi, majburiy mehnat, gender tenglik borasida qilinishi kerak bo'lgan ishlar mavjudligi va ular, albatta, qonun doirasida mustahkamlab qo'yilishi davlatimizning  xalqimiz manfaati yo'lida “Inson-jamiyat-davlat” tamoyili asosida qilayotgan g'amxo'rligidan darak.    

Salohiddin SAMADOV,

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi

Jamoat ishlari jamg'armasi

ijrochi direktori