Insonparvarlik yuklarini Afgʻoniston xalqiga tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 23 Dekabr 2021 1399

    2021-yil 23-dekabrda Afgʻonistonning Mozori Sharif shahrida Oʻzbekiston Respublikasining insonparvarlik yuklarini birodar Afgʻoniston xalqiga tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Un, guruch, shakar va boshqa oziq-ovqatlar, birinchi navbatdagi zaruriy tovarlar, kiyim-kechaklar, toʻqimachilik mahsulotlari, umumiy ogʻirligi 4 ming tonnadan ziyod koʻmir yoqilgʻisidan iborat ushbu insonparvarlik yordami oʻzbek xalqining Afgʻonistonga koʻrsatgan navbatdagi xayrixohligi boʻldi.

    Marosimda soʻzga chiqqan Afgʻoniston Muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sher Abbos Stanakzay mamlakat uchun ogʻir damlarda koʻrsatilayotgan doimiy eʼtibor, qoʻllab-quvvatlash va birdamlik uchun Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga butun afgʻon xalqi nomidan chuqur minnatdorlik bildirdi.

    Afgʻoniston xalqiga koʻmak koʻrsatish chaqiruviga Oʻzbekiston rahbari birinchilardan boʻlib eʼtibor qaratgani, uning siyosatini koʻp millatli Afgʻoniston xalqi chinakam insonparvarlik, birodarlik va yaxshi qoʻshnichilikning chinakam ifodasi sifatida qaralayotgani alohida taʼkidlandi.

    Abbos Stanakzay afgʻon xalqi Oʻzbekiston rahbarining birodarlik munosabatini doimo his qilib kelganini, shu bois mamlakatning yangi hokimiyat idoralari yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini, shuningdek, oʻz hududidan qoʻshni davlatlarga, jumladan, Oʻzbekistonga hech qanday tahdidlarga yoʻl qoʻyilmasligini bildirdi.

    Balx viloyati hokimi Qudratilla Abu Hamza mazkur insonparvarlik yordami oʻz vaqtida koʻrsatilayotgani, ayni qish faslida afgʻon xalqi uchun alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Uning soʻzlariga koʻra, bu ikki birodar xalq oʻrtasidagi chuqur tarixiy va maʼnaviy aloqalarning yana bir dalilidir.

    Marosimda soʻzga chiqqan Afgʻoniston jamoatchiligi vakillari, jumladan, etnik oʻzbeklarning taniqli arboblari yana bir bor oʻzlari uchun eng ogʻir va sinovli damlarda ehtiyoj va intilishlarini hech qachon unutmagan, afgʻon xalqining hamisha haqiqiy doʻsti boʻlib qolgan Oʻzbekiston rahbariga mislsiz yordami uchun yana bir bor samimiy minnatdorlik bildirdilar.

    Ularning fikricha, Oʻzbekiston tomonidan koʻrsatilgan bu yordam aslida mamlakatda ommaviy ocharchilik, ogʻir gumanitar va oziq-ovqat inqirozining oldini olishga xizmat qiladi.

    Tadbir davomida oʻzbekistonlik oshpazlar tomonidan oʻzbek palovi pishirilib, barcha yigʻilganlar, shuningdek, Afgʻoniston jamoatchiligining koʻplab vakillariga tortiq qilindi.

    Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati