Prezidentimiz topshirigʻiga binoan umumtaʼlim maktablarida taʼlim sifati va oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish hamda metodik qoʻllab-quvvatlash uchun respublika boʻyicha 634 ta maktabga 95 ta oliy taʼlim muassasasi biriktirilgan edi. Ishchi guruh mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Jizzax davlat pedagogika instituti, Jizzax politexnika instituti va Oʻzbekiston milliy universiteti Jizzax filialiga biriktirilgan maktablar faoliyatini oʻrgandi. Bu haqda inspeksiyaning axborot xizmati xabar bermoqda.

Oʻrganish davomida Zarbdor tumanidagi 26-maktabda boshlangʻich taʼlim va kimyo fanlaridan, Arnasoy tumanidagi 6-maktabda ingliz va rus tili fanlaridan, Forish tumanidagi 5-maktabda ingliz tili fanidan oʻqituvchilarga ehtiyoj mavjud boʻlgani holda ularga biriktirilgan oliy taʼlim muassasalari amaliy ish qilmagani maʼlum boʻldi.

Xususan, Oʻzbekiston milliy universiteti Jizzax filialiga biriktirilgan Zarbdor tumanidagi 26-maktabda shu kunga qadar faqat maktab jamoasi va oʻquvchilar bilan uchrashuv oʻtkazilib, rasmiyatchilik uchun bayonnomalar toʻldirilgan, xolos. Oliy taʼlim muassasasi taʼlim sifati va oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish boʻyicha uslubiy yordam koʻrsatmagan.

— Mazkur tashabbus boshlanganiga ikki oydan ortiq vaqt oʻtdi. Biroq hanuzgacha ayrim maktablar va oliy taʼlim muassasalari hamkorlikning mazmun-mohiyatini maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashdan iborat deb tushunmoqda. Biriktirilgan oliy taʼlim muassasalarining maktablarda taʼlim sifati va oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish hamda metodik qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlari yetarli darajada emas, — dedi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev.

Viloyatda kamchiliklar qatori ijobiy tajribalar ham mavjudligi qayd etildi.

Xususan, Jizzax politexnika institutiga 7 ta maktab biriktirilgan boʻlib, hamkorlik doirasida oʻquv-uslubiy yordam, oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan ochiq muloqotlar, moddiy-texnik taʼminotni mustahkamlash boʻyicha ishlar bajarilgan. Jumladan, iqtidorli oʻquvchilar uchun rektor stipendiyasi joriy qilingan. Institutning professor-oʻqituvchilari har haftada bir marotaba maktablarda oʻqituvchi va oʻquvchilarga belgilangan fanlardan (biologiya, ingliz tili, tarix, informatika, fizika, kimyo, matematika) mahorat darslari oʻtmoqda. Oʻquvchilarni oliy taʼlim muassasalariga tayyorlash boʻyicha bepul repetitorlik kurslari tashkil etilgan.

Yigʻilishda Jizzax politexnika institutining biriktirilgan maktablar bilan ishlash boʻyicha tajribasini respublika miqyosida ommalashtirish zarurligini taʼkidlandi.