Intellektual mulk huquqi himoyasi - davr talabi

    Madaniyat 27 May 2022 2876

    Ijodkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, faolligini oshirish, ularni olib borilayotgan islohotlarning keng targʻibotchilariga aylantirishga harakat qilinyapti.

    Keyingi paytlarda madaniyat, adabiyot, sanʼat ahli va ijrochilarga Davlatimiz rahbari va Hukumatimiz tomonidan katta eʼtibor qaratilmoqda. Ijodkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, faolligini oshirish, ularni olib borilayotgan islohotlarning keng targʻibotchilariga aylantirishga harakat qilinayapti. Ayniqsa, ijodkorlarning mualliflik huquqlarini himoya qilish tizimini yaratish, ogʻir bir sharoit-pandemiya, epidemiya sharoitlarida ijodkorlarni moddiy jihatdan taʼminlash yoʻllari qidirilmoqda.

    Soʻnggi yillarida respublikamizda qonunchilikning boshqa sohalari qatori intellektual mulk huquqi qonunchiligi asoslarini mustahkamlash, huquq egalarining manfaatlarini muhofaza qilish va ular huquqlarini xorijiy mamlakatlarda ham himoya qilishning ustuvor yoʻnalishlari koʻrsatib berilmoqda.

    Davlatimiz rahbari intellektual mulk, xususan, mualliflik huquqi, mualliflar va ijrochilar mulkiy huquqlarini boshqarish, ularning huquqlarini himoya qilishning taʼsirchan va yangi mexanizmlarini yaratishga qaratilgan bir qator farmon va qarorlar qabul qildi.

    Xususan, Prezidentimizning 2022-yil 26-apreldagi “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori buning yorqin misolidir. Unda intellektual mulkni ishonchli himoya qilish, intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda kontrafakt mahsulotlarga samarali qarshi kurashish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

    Mazkur hujjatning qabul qilinishi intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish, sohada sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga oʻz vaqtida chora koʻrish, mualliflarning va boshqa ijodkorlarning moddiy manfaatdorligini oshirish, xorijiy kompaniyalarning intellektual mulkka boʻlgan huquqlarini himoya qilish kabi yoʻnalishlarda bir qator dolzarb masalalarning yechimini koʻrsatganligi bilan ajralib turadi. Qaror bilan 2022-2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi ham tasdiqlandi.

    Strategiya mamlkatimizni yaqin istiqbolda intellektual mulk sohasidagi davlat ustuvor yoʻnalishlarini koʻrsatishi bilan birga, milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish, xalqaro-huquqiy hamkorlikni rivojlantirish, soha mutaxasissislarini tayyorlash, amaliyot xodimlari, qolaversa, jamiyatning huquqiy ongini oshirish, jamiyatda intellektual mulkka hurmat hissini shakllantirish masalalalarini hal etishga qaratilgani bilan muhimdir.

    Shu bilan birga, oldimizda milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va sohada taʼsirchan himoya tizimini yaratish uchun esa qonunchilikni unifikatsiya qilish, kodifikatsiya qilish hamda toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllanadigan qonunchilik tizimini yaratish vazifasi turibdi.

    Fuqarolik kodeksining intellektual mulk huquqiga oid normalari va intellektual mulk huquqi bilan bogʻliq barcha sohaviy, maxsus qonunlarni jamlab, alohida yangi kodeksga kiritish oʻrinli boʻladi. Qonunlarning koʻpligi ayrim normalarning bir nechta qonunda takrorlanishi yoki umumiy, havola yoʻsinidagi normalarning boʻlishiga olib kelishi mumkin.

    Kodekslashtirish orqali sohaga oid qonunlar ilmiy kopsepsiyasi ixchamlashib, yangi kodeksda yaxlit ilmiy, nazariy jihatdan asoslash mumkin boʻlgan norma va qoidalar jamlanadi.

    Eng asosiysi, huquqni qoʻllash amaliyoti yanada jadallashib, normalarni sharhlash va hujjatlarda aks ettirishda imkoniyatlar yanada kengayadi. Fuqarolik kodeksida esa intellektual mulk obyektlari maqomini belgilovchi umumiy normalar va asosiy tamoyillar belgilansa yetarli boʻladi.

    GULNORA XUDAYBERDIYEVA

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    Ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti,

    yuridik fanlar nomzodi