Intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtiriladi

    Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ-959-son, 10.09.2024-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi.

    Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

    Unga koʻra, intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun huquq egasining talabiga koʻra huquqbuzar tomonidan tovon toʻlash tartib-taomili joriy etilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

    Jumladan, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra:

    Patent egasi oʻzining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki obyektidan foydalanayotgan shaxsdan zararlarning qoplanishi oʻrniga BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon toʻlashini talab qilishi mumkin.

    Bunda tovon zararlar yetkazilishi faktidan qatʼi nazar, huquqbuzarlikning xususiyatidan va patent egasining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki obyektidan foydalanayotgan shaxsning aybi darajasidan kelib chiqib, ish muomalasi odatlari hisobga olingan holda toʻlanadi.

    Tovon miqdori taraflarning kelishuviga muvofiq yoki sud tomonidan belgilanadi. Ilgari bunday normalar mavjud emas edi.

    Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.