Maʼlumotlarga koʻra, Telegram va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida «limitlash xizmati» nomi bilan sahifa ochgan shaxslar fuqarolarga mikromoliya tashkilotlari orqali ajratilgan kredit limitlarini naqdlashtirib berishni vaʼda qilishgan.
Toshkent viloyati IIBB Kiberxavfsizlik xizmati hamda Tezkor qidiruv xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan choralar natijasida Ohangaron tumanida yashovchi 2005-yilda tugʻilgan B.N. va uning uch nafar sheriklari aniqlanib, qoʻlga olindi.
Gumon qilinuvchilar oʻzlari roʻyxatdan oʻtkazgan tadbirkorlik subyekti orqali onlayn savdo platformalarida faoliyat yuritib, fuqarolardan olingan mablagʻlarni aldov yoʻli bilan oʻzlashtirgani maʼlum boʻldi.
Hozirda mazkur holat boʻyicha ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Sud tomonidan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Tergov jarayonida fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararni undirish choralari koʻrilmoqda.









