Internet tezligida muammolar bormi?

    Ijtimoiy hayot 15 Sentabr 2020 2211

    Bugungi kunda internet kundalik hayotning ajralmas qismiga aylanganligi sababli ulanishning sustligi va internet tezligining pastligi undan tezkorlik bilan foydalanishga toʻsqinlik qilishi mumkin. Bu borada Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga isteʼmolchilardan koʻplab eʼtirozli murojaatlar kelib tushyapti.

    Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi shuni eslatadiki, taqdim etilayotgan internet tezligi shartnomaga nomuvofiq boʻlsa, isteʼmolchi oʻz huquqlaridan toʻliq foydalanishi mumkin. Isteʼmolchilar huquqlari esa davlat tomonidan kafolatlangan.

    Bunga asos:

    Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasiga koʻra isteʼmolchi tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida toʻgʻri va toʻliq maʼlumot olish huquqiga ega. Qonunning 19-moddasida ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar koʻrsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat koʻrsatishi) shart deb koʻrsatilgan.
    Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi qonunning 22-moddasida

    “telekommunikatsiya sohasidagi faoliyatni litsenziyadagi shartlariga va belgilangan qoidalarga muvofiq amalga oshirish;
    – koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati belgilangan standartlar, qoidalar va normalarga muvofiq boʻlishini taʼminlash;
    – telekommunikatsiya tarmoqlari orqali uzatiladigan telefon soʻzlashuvlari, telegraf va boshqa xabarlar sir tutilishiga rioya qilish;
    – xizmatlar koʻrsatish shartlari va tartibi toʻgʻrisidagi, shu jumladan telekommunikatsiya xizmatlari tariflarining oʻzgarganligi toʻgʻrisidagi batafsil axborotni foydalanuvchilarga oʻz vaqtida taqdim etish;
    – telekommunikatsiya xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalarning bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun, shuningdek xizmatlar koʻrsatmaganlik yoki lozim darajada sifatli xizmatlar koʻrsatmaganlik oqibatida foydalanuvchilarga yetkazilgan zararlarni qonun hujjatlariga muvofiq qoplash;
    – operatorlar va provayderlar zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin”, deb koʻrsatilgan.

    Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi yana shuni ham eslatadiki, isteʼmolchilarning internet-provayderlar tomonidan taqdim etilayotgan xizmat sifati muammosiga duch kelgan taqdirda, 1159 qisqa raqamli ishonch telefoniga, shuningdek, Agentlikning consumer.uz murojaat qoldirishi mumkin.

    Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi matbuot xizmati.