Aniqlanishicha, Yangiyoʻl tumanida yashovchi, 2005-yilda tugʻilgan fuqaro (I.Y.) “OLX” platformasida soxta eʼlonlar joylashtirib kelgan va “Telegram”da ayollar ism-sharifi bilan 10 ga yaqin akkaunt yaratgan.
U “Iphone” telefonlarini arzon sotish bahonasida fuqarolardan oldindan toʻlov olgan. Mablagʻlarni boshqa shaxslarga tegishli bank kartalariga oʻtkazdirib, shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Xabarga koʻra, gumondordan jinoyat quroli sifatida foydalanilgan bank kartalari va telefon raqamlari ashyoviy dalil sifatida olindi. Dastlabki tergov davomida Nurafshon, Ohangaron, Oʻrta Chirchiq, Yuqori Chirchiq, Boʻka, Qibray va Toshkent tumanlarida sodir etilgan 8 ta shu kabi jinoyat aynan ushbu shaxs tomonidan amalga oshirilgani fosh etildi.
Mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b, g” bandlari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent viloyati IIBB aholini yana bir bor ogohlikka chaqirib, onlayn savdoda oldindan pul oʻtkazmaslikni, arzon eʼlon va takliflarga ishonmaslikni, shubhali holatlarda darhol ichki ishlar organlariga murojaat qilishni soʻradi.








