Maʼlum qilinishicha, loyiha ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida deputatlar takliflari hamda tegishli vazirlik va idoralar fikrlari asosida yanada takomillashtirilgan.

Qonun loyihasiga koʻra, quyidagi holatlar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda:

  • telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet orqali uyatli soʻzlar bilan soʻkinish;
  • fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish;
  • jamoat tartibi va osoyishtalikni buzuvchi onlayn xatti-harakatlar;
  • harbiy harakatlarda ishtirok etishni targʻib qiluvchi materiallarni tarqatish;
  • shaxs tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlikni OAV yoki Internetda tarqatish;
  • ijro harakatlari davomida xatlangan mulk bilan bogʻliq qonunga xilof harakatlar.

Taʼkidlanishicha, mazkur oʻzgartishlar axborot makonida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolar osoyishtaligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va mavjud huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Muhokamalar davomida deputatlar ushbu qonun loyihasi jamiyatda huquqiy tartibotni mustahkamlash, axborot makonida axloq-odob meʼyorlariga rioya etilishini kuchaytirish, fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish hamda profilaktika mexanizmlarini samarali qoʻllashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.

Qonun loyihasi qabul qilinib, koʻrib chiqish uchun Senatga yuborildi.