Noma'lum shaxslar, o'zlari tanlagan ma'lum bir guruh a'zolariga, guruh ma'murlari nomidan tasodifiy tarzda aniqlanadigan “aksiyada” g'olib bo'lganligi haqida xabar yuborishmoqda. Shundan so'ng, ular pul mukofotini g'olib bo'lgan foydalanuvchining plastik kartasiga o'tkazishga tayyor ekanliklariga ishontirib, buning uchun havolaga amal qilishni so'rashadi.

Bunday havolalar esa O'zbekistondagi ma'lum bo'lgan to'lov tizimlarining saytlariga olib boruvchi havolalarga o'xshashligi sababli, ko'pchilik fuqarolarning e'tiborsizligi va yanglishib qolishi oqibatida salbiy holatlarga olib kelmoqda.

Toshkent shahar IIBB internetdan foydalanuvchilarni hushyor hamda e'tiborli bo'lishga, turli xil lotereyalardagi “tasodifiy” yutuqlarga ishonmaslikka, shubhali havolalarga kirmaslikka va o'zlarini plastik kartalarining ma'lumotlarini kiritmaslikka chaqiradi. Ayniqsa, kartangizning amal qilish muddatini ko'rsatish va SMS orqali kelgan “tasdiqlash kodi”ni yuborish haqidagi so'rov shubha uyg'otish uchun asos bo'ladi.
Agar hozirda sizning plastik kartangizda pul mablag'lari bo'lmasa ham, mahfiy ma'lumotlarni kiritish, firibgarlar uchun kelajakda sizning kartangizdan g'araz niyatlarda foydalanib, hisobingizdagi barcha pullaringizni yechib olish imkonini beradi.