Qahramonimiz — Temur Seytjanov 1980 yilda tug'ilgan. U “Amudaryo” OFYda “Xatep” ovulida umr yo'ldoshi Qutlixon Atenova va o'g'illari Polat, Begzod va Ramazon bilan birga istiqomat qilmoqda. Kattasi 5-sinf o'quvchisi, o'rtanchisi besh yoshar, kichigi hali chaqaloq.
Biz yuqorida aytib o'tganimizdek, o'zining nogironligiga qaramasdan issiqxona va uy atrofidagi tamorqasida mehnat kilishdan charchamaydi.
Nogironlik nima sababdan kelib chiqqaniga to'xtaladigan bo'lsak, u 2013-2017 yillar oralig'ida tuman ko'zi ojizlar jamiyatiga qarashli paxta tozalash sexida ishlaydi. 2017 yilning 24 may kuni ish paytida paxta stanogida baxtsiz hodisaga uchrab, bir qo'lidan ayriladi. Bir a'zosidan ayrilgan bu inson ko'p qiyinchilik ko'radi. Lekin, onasi, qarindoshlari va turmush o'rtog'i unga ko'p suyanch bo'ldi. Qiyinchilikni birga yengib o'tishadi.
Biroq, u uyida bekor o'tirmadi. Bir oila uchun nima kerak bulsa, barchasini muhayyo qildi. Uning qilgan ishlari sog'lom, lekin, mehnat qilishni xush ko'rmaydigan ayrim yoshlarimiz va tengdoshlarimizga o'rnak bo'lishi aniq.
Tuman hokimligi, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash bo'limi, shuningdek, bandlikka ko'maklashish markazi Temur va uning oilasini e'tibordan chetda qoldirmadi.
O'tgan yili oilasi “Temir daftar”ga, umr yo'ldoshi esa “Ayollar daftari”ga kiritildi. 2020 yil oktyabr oyining oxirida uyi atrofida issiqxona qurdi. Unga bodring, rediska, bolgar qalampiri, baqlajon, tarvuz, shivit, petrushka, sarimsoqpiyoz va piyoz ekib, yaxshi hosil olmoqda. Sarimsoqpiyoz va piyozdan olgan birinchi hosillarini sotishga kirishdi. Bundan tashqari, mazkur oila parrandachilik bilan ham shug'ullanib, tovuq boqmoqda.
Bu oila uchun yaqinda quvonchli xabar keldi. Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash bo'limi yordami bilan kredit asosida issiqxona qurib beriladigan bo'ldi.
“Intilganga tole yor”, deganlariidek, o'z oldiga maqsad qo'ygan Temur va Qutlixonning ishlariga kelajakda muvaffaqiyatlar tilaymiz. Ular o'z uyi atrofidagi tamorqalardan unumli foydalanmoqda ekan, boshqalar ham ulardan namuna olib, o'z-o'zini band qilib, faqat oilasini emas, xalqimizni o'zlari yetishtirgan hosil bilan ta'minlashdek ulug' ishlarga bosh qo'shsa, bu barchamiz va jamiyatimiz uchun juda foydali bo'lar edi.
F. Utemuratov,
Xo'jayli tumani “Xo'jayli haqiqati” gazetasi muharririning o'rinbosari,
“Shuhrat” medali sohibi