Vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari Davlat investitsiya dasturi hamda viloyatlar va tarmoqlar kesimida Hududiy investitsiya dasturlari doirasida investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi toʻgʻrisida hisobot berdi, loyiha tashabbuskorlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha rejalarni belgilab oldilar, shuningdek, har biri boʻyicha oʻrganish oʻtkazilib tegishli yechimlar ishlab chiqilgan muammoli masalalar haqida soʻzlab berdi.
Yigʻilishda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining jalb etilgan mablagʻlari va grantlarini oʻzlashtirishning hozirgi holati ham koʻrib chiqildi. Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirish va qarz mablagʻlaridan maqsadli foydalanish monitoringini kuchaytirish topshirildi.
Shuningdek, muhokama kun tartibiga muvofiq Davlatimiz rahbarining joriy yil avgust oyida boʻlib oʻtadigan tadbirkorlar bilan Ochiq muloqotini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish choralari oʻrganildi. Tadbirkorlar tomonidan yuborilayotgan murojaatlar va takliflarni jamlash va tahlil qilish jarayoni koʻrib chiqildi. Jumladan, bugungi kun holatiga koʻra Respublika shtabiga 6 316 ta murojaat kelib tushdi, shundan 1719 ta ariza boʻyicha amaliy yechimlar ishlab chiqildi. Taʼkidlanishicha, muammoli masalalardan tashqari, murojaatlarning umumiy hajmida biznes vakillarining mamlakatda investitsiya va biznes muhitini yuksaltirishga qaratilgan keng doiradagi omillarga oid konstruktiv takliflari katta qismini egallaydi. Har bir bunday taklif tegishli organlar va tuzilmalarning ekspertlari va mutaxassislari tomonidan amaldagi meʼyoriy-huquqiy muhitni takomillashtirish yoki hukumat qarorlari loyihalarini tayyorlashda foydalanish uchun batafsil oʻrganiladi.
Yigʻilish yakunida mutasaddi rahbarlar belgilangan vazifalarni sifatli va oʻz vaqtida bajarish boʻyicha qoʻshimcha manzilli topshiriqlar oldi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.