Hozirgi kunda Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanidagi “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish” investitsion loyihasi jadal surʼatlarda amalga oshirilmoqda.

Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari “OʻzLITineftgaz” AJ ixtisoslashgan instituti tomonidan ishlab chiqilgan. Unga koʻra loyihaning taxminiy qiymati 1,85 mlrd AQSH dollarni tashkil etadi. Loyiha doirasida “GTL” zavodida ishlab chiqariladigan 430 ming tonna naftani qayta ishlash orqali, yiliga yuqori likvidli hisoblangan bimodal polietilenni 280 ming tonnagacha va polipropilenni 100 ming tonnagacha ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.

Yangi zavod yuqori zichlikdagi polietilen va polipropilenni puflab va quyma shakllantirish, quvurlar, plenka va tolalar ishlab chiqarish hamda ekstruziya jarayonlariga moʻljallangan.

Loyihani moliyalashtirish maqsadida Rossiyaning “Gazprombank” AJdan 300 mln AQSH dollar kredit jalb qilingan. Bundan tashqari, xalqaro moliyaviy institutlar, kredit agentliklari va tijorat banklarining davlat kafolatisiz mablagʻlarini jalb qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2021-yil 29-30-sentyabr kunlari boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston iqtisodiy forumi doirasida “Deutsche Bank”, “LBBW” va “Helaba” banklari moliyaviy hamkorlik memorandumlari imzolandi. Shu bilan birga, noyabr-dekabr oylarida Germaniyaning “Euler Hermes”, Gollandiyaning “Atradius” hamda va Italiya “SACE” eksport-kredit agentliklariga Loyiha taqdimoti amalga oshirildi.

Bundan tashqari, Xitoyning “SINOSURE”, Saudiya Arabistonining “ICIEC” va Rossiyaning “EKSAR” eksport-kredit agentliklarini ham moliyalashtirish jalb qilish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Batafsil loyihalashtirish ishlariga Janubiy Koreyaning “Hyundai Engineering” va “GS Engineering & Construction” kompaniyalari jalb qilingan boʻlib, ularning yuqori malakali va katta tajribaga ega boʻlgan muhandislari “Oʻzbekneftgaz” AJ va Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasining yetakchi mutaxassislari bilan birgalikda loyihalashtirish ishlarini amalga oshirishmoqda.

Bugungi kunga qadar YERS-pudratchi tomonidan loyihaga jami 387 yuqori malakali mutaxassis jalb qilingan. Batafsil loyihalashtirish ishlari 52,2 foizga yakunlandi.

Loyihalashtirish boʻyicha 30 foizlik 3D (uch oʻlchamli) Model ishlab chiqilib tasdiqlandi hamda 60 foizlik 3D Model ishlab chiqish jarayoni davom etmoqda va bular oʻz navbatida 90 foizlik yakuniy 3D Model yaratilishining asosini tashkil etadi.

Hozirgi kunga kelib asosiy uskunalarni yetkazib beruvchilarni oldindan saralash jarayoni davom etmoqda. Umumiy 374 tadan 142 ta asosiy texnologik uskunani ishlab chiqarishga buyurtma berildi.

Loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishining asosiy omillaridan biri bu professional kadrlarni tayyorlashdir. Xozirgi kunda Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi hududida kadrlarni tayyorlash markazi tashkil etilgan boʻlib, ishlab chiqarish sexlar va obyektlarda saralab olingan yosh mutaxassislar, shu jumladan neft va gaz sohasidagi oliy oʻquv yurtlarining eng yaxshi bitiruvchilari amaliy va nazariy mashgʻulotlarni oʻtashmoqda.

Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida Oʻzbekistonda polietilen hamda polipropilen ishlab chiqarish hajmlari koʻpaytirilib, yurtimizda sifatli va eksportbob tovarlar ishlab chiqarish uchun zamin yaratiladi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati