Investitsiya va eksport bo‘yicha asosiy vazifalar belgilandi

    Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-yanvar kuni investitsiyalarni keng jalb etish va eksport hajmini oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

    Mamlakatimizdagi ochiqlik, kuchli investitsiya siyosati natijasida iqtisodiyot barqaror o‘sib kelayapti. Xususan, 2024-yilda yalpi ichki mahsulot 6,5 foizga oshib, 115 milliard dollarga yetdi. Xorijiy investitsiya 1,6 barobar o‘sib, qariyb 35 milliard dollarni tashkil qildi. Qiymati 10 milliard dollarlik 242 ta yirik va o‘rta loyihalar ishga tushdi. Eksport ilk bor 27 milliard dollarga yetdi.

    O‘tgan yili tog‘-kon, neftgaz, kimyo, qishloq xo‘jaligi sohalarida investitsiya 2 karra oshgan. 50 ta tumanga 100 million dollardan ko‘p sarmoya kirib kelgan.

    Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda sohadagi qoloqliklar atroflicha tahlil qilindi.

    To‘qimachilik sanoati, “O‘ztransgaz”, “O‘zmetkombinat”, “O‘zsuvta’minot” tizimida investitsiya ko‘rsatkichlari pasaygan. Ekologiya, Qishloq xo‘jaligi, Raqamli texnologiyalar, Transport, Qurilish, Sog‘liqni saqlash, Sport, Madaniyat, Oliy ta’lim, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari olib kelgan investitsiya va grantlar imkoniyatga yarasha emas.

    Ayrim tuman hokimlari investitsiya va eksport masalasini o‘z holiga tashlab qo‘ygani ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, Beruniy, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot, Peshku, Yangiobod, Qamashi, Xonqa, Shovot, Romitan, Dehqonobod, Mirishkor, Chiroqchi, Narpay, Nurobod va Guliston tumanlari hamda Ohangaron shahri hokimlariga hayfsan e’lon qilindi. Faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev lavozimidan ozod etildi.

    Yig‘ilishda investitsiya va eksport bo‘yicha bu yilgi asosiy vazifalar belgilandi.

    Avvalo, bu masala hududlar kesimida ko‘rib chiqildi. 27 ta tumanda investitsiya hajmi 200 million dollardan oshishi hisob-kitob qilingan. Lekin 10 ta tumanda reja 40 million dollarga ham yetmaydi. Mutasaddilarga ushbu tumanlarda yangi loyihalarni shakllantirib, investitsiyani ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

    Mablag‘larning samaradorligiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Masalan, so‘nggi yetti yilda kiritilgan 120 milliard dollar investitsiya hisobiga 6 mingdan ortiq korxona ishga tushgan. Tahlil qilinsa, har 1 ming dollar investitsiya yiliga o‘rtacha 530 dollar qo‘shilgan qiymat yaratayapti. Bu ko‘rsatkich tog‘-kon sanoatida 700 dollarga yetgan.

    Lekin neft-gaz, metallurgiya va qurilish materiallari sohalarida investitsiya samaradorligi nisbatan past. Hududlardan esa Sirdaryo, Buxoro va Qoraqalpog‘istonda shunday holat.

    Yangi ochilgan 92 ta korxonada uskunalar ishlatilmay turgani uchun kreditlar qaytishi kechikayapti. 105 ta tadbirkor olib kelgan uskunalar bojxona omborlarida turibdi.

    Prezident investitsiyaning samaradorligini oshirish hudud va tarmoq rahbarlarining asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

    – Bu iqtisodiyotimiz o‘sishiga katta turtki beradi. Kafolatli xarid hisobiga, juda ko‘p yangi ish o‘rinlari yaratiladi, valyuta tejaladi va yondosh sohalar rivojlanadi. Buni hokimlar yaxshi tushunib, har bir loyihaning “ichiga kirib”, ishni unumli tashkil qilish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Tadbirkorlar ishtirokida yarmarkalar o‘tkazib, yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish, yirik investitsiya loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

    Mamlakatimizda tadbirkorlar sinfi kengayib, xalqaro doiraga chiqmoqda. Ilg‘or korxonalarimiz chet eldan to‘g‘ridan to‘g‘ri mablag‘ olib kelishni boshladi. Buni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, Prezident farmoni bilan, Savdo-sanoat palatasida Tadbirkorlarga tashqi moliya bozorlariga chiqishga ko‘maklashish markazi tashkil qilindi. Endi bundan foydalanib, ko‘proq tadbirkorlar xorijdan mablag‘ jalb qilishga o‘rgatilishi aytildi.

    Bu yil xalqaro moliya institutlari hisobidan 5 milliard 200 million dollarlik ishlar rejalashtirilgan. Ularni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun Bosh vazir boshchiligida favqulodda shtab tashkil qilinishi belgilandi.

    Yevropa tiklanish va taraqqiyoti banki bilan 1 milliard 100 million dollar, Islom taraqqiyot banki bilan 1 milliard dollarlik loyihalar ko‘zda tutilgan. Mutasaddilarga ushbu banklar bilan davlat kafolatisiz loyihalarni ko‘paytirish, mablag‘ jalb qilishda tadbirkorlarga ko‘maklashish topshirildi.

    Investitsiya samaradorligining ko‘rsatkichlaridan biri – eksport. Masalan, erkin iqtisodiy zonalardagi korxonalar kiritgan sarmoyasiga qarab, imtiyoz olayapti. Bu tannarxni pasaytirish, eksportga chiqishga xizmat qilishi kerak.

    O‘tgan yili 22 ta erkin iqtisodiy zonadagi 589 ta korxona 42 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan. Lekin tovarlarning atigi 18 foizi tashqi bozorlarga sotilgan, 372 ta korxona umuman eksport qilmagan.

    Shu bois endi faqat eksportga ishlaydigan erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilishi ta’kidlandi. Ularda xorijiy brendlar bilan yuqori qiymatli, tashqi bozorlarda talabgir mahsulotlar ishlab chiqariladi. Shulardan birinchisi Namangan viloyatida, 30 gektar maydonda to‘qimachilik yo‘nalishida tashkil etiladi.

    Yana bir yangi yondashuv – o‘tgan yili 12 ta texnopark xorijiy korxonalar boshqaruviga berildi. Hozircha ularga 2,5 milliard dollarlik 27 ta loyiha joylashtirilgan. Bu tajribani kengaytirib, xorijiy kompnaiyalar ishtirokida yana bir nechta texnoparklar tashkil qilish taklifi bildirildi.

    Bu yil eksportni 30 milliard dollardan oshirish mo‘ljallanmoqda. Masalan, yurtimizda xomashyosi bo‘lgan to‘qimachilik, elektrotexnika kabi tarmoqlarda eksportni 2-3 karra oshirish imkoniyati bor.

    Shu bois bu ikkita drayver tarmoqni rivojlantirish, eksportga ishlayotgan korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.

    Xususan, eksportchilarni aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun alohida faktoring tashkiloti ochilib, unga 100 million dollar ajratiladi. Korxonalarni xalqaro sertifikat talablariga moslashtirish xarajatlarining 20 ming dollargacha qismi qoplab beriladi. Rivojlanish va tadqiqot markazlari (R&D) uchun olib kelinadigan laboratoriya jihozlari bojxona bojlaridan ozod qilinadi. Xalqaro marketpleyslar orqali mahalliy mahsulotlarini targ‘ib qilish uchun 2 million dollar yo‘naltiriladi.

    Mutasaddilarga tashqi bozorlardagi imkoniyatni tahlil qilib, uch yillik eksport strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

    Paxta yetishtirish va qayta ishlashda ham qo‘shimcha bozor mexanizmlari joriy qilinadi. Shu yildan boshlab, klasterlar paxtaga talabi va narx taklifini birjaga qo‘yadi, fermerlar esa o‘ziga ma’qulini tanlab, fyuchers shartnomasini tuzadi. Imtiyozli kredit olmay, o‘zi paxta yetishtirgan fermerlarga birjada sotgan paxtasining 10 foizi miqdorida subsidiya beriladi. Imtiyozli kreditni 31-dekabrgacha to‘liq qaytargan fermerlarga kreditning 4 foizi qaytarib beriladi.

    Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchi tomorqa egalari mahalla bankirlariga mijoz bo‘ladi.

    Yig‘ilish yakunida davlatimiz rahbari jahonda investitsiya va bozorlar uchun raqobat keskinligini yana bir bor ta’kidlab, mutasaddilarga ishchanlik va natijadorlikni oshirish talabini qo‘ydi. Bu borada nazorat va so‘rov qattiq bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi.

    Bosh vazirga bu yilgi 42 milliard dollar xorijiy investitsiya bo‘yicha oyma-oy reja tasdiqlab, ijrosini ta’minlash topshirildi.

    Yig‘ilishda vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarning axboroti eshitildi.