Investitsiya, eksport va sanoat sohalaridagi vazifalar belgilandi

    Hukumat 18 Yanvar 2024 2983

    Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18-yanvar kuni 2024-yilda investitsiya, eksport va sanoat sohalaridagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

    “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish maqsadi belgilangan. Bunga faqat ichki bozor bilan erishib bo‘lmaydi, asosiysi – xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish va eksportni ko‘paytirish zarur.

    Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilish avvalida ushbu sohalardagi ishlar holati, mutasaddilarning faoliyati ko‘rib chiqildi.

    So‘nggi olti yilda yurtimizga xorijdan qariyb 50 milliard dollar investitsiya kirgan. O‘tgan yili yalpi ichki mahsulot ham, sanoat ham 6 foizga o‘sgan.

    Biroq tovarlar eksportida o‘sish bo‘lmagan. Mamlakatimiz sertifikatlarini tan olish bo‘yicha xorijiy sheriklar bilan ishlar lozim darajada tashkil etilmagan. Xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi 480 million dollarlik 5 ta loyiha bo‘yicha o‘zlashtirish boshlanmagan. Hududlarda moliyalashtirilishi to‘liq yakunlangan 8 trillion so‘mlik qariyb mingta loyiha haligacha ishga tushmagan.

    Faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari B.Abidov, Texnik tartibga solish agentligi direktori D.Sattarov, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori M.Mirzayev lavozimidan ozod qilindi. Yana bir qator rahbarlarga intizomiy choralar ko‘rilishi aytildi.

    Umuman, investitsiya kompleksiga kiruvchi barcha vazir va hokim o‘rinbosarlari faoliyatiga samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) joriy etilishi belgilandi.

    Yig‘ilishda davlatimiz rahbari sohadagi kamchiliklarni aniq tahlillar asosida ko‘rsatib o‘tdi.

    Masalan, o‘tgan yili 2 ta drayver tarmoq va 4 ta hududda 2022-yilga nisbatan eksport hajmlari kamaygan. Eksportning 50 foizi hanuzgacha 4 ta bozorga to‘g‘ri kelmoqda. Yoki xorijga tovarlarning uchdan bir qismi xomashyo sifatida sotilmoqda.

    O‘zbekiston “GSP+” tizimiga qo‘shilib, Yevropaga 6 ming 200 turdagi tovarlarni bojsiz olib kirish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, o‘tgan yili bu tizim doirasida bor-yo‘g‘i 384 turdagi tovarlar eksport qilingan. Meva-sabzavot eksporti uchun xorijiy davlatlarning fitosanitar ruxsatlari olinganiga qaramasdan, bundan to‘liq foydalanilmagan.

    Aslida, mamlakatimiz iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqish uchun eksportni yiliga kamida 30 foizga oshirib borish zarur.

    Prezidentimiz bu boradagi muhim vazifalarga to‘xtalib, tuzilmaviy islohotlarni ma’lum qildi.

    Xususan, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tizimi, ish uslubi va yondashuvlari to‘liq o‘zgaradi. U yangi salohiyatli bozorlar topish, eksportbop mahsulotlar ekilishini tashkillashtirishga ham mas’ul bo‘ladi.

    So‘nggi yillarda meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportida talab etiladigan barcha sertifikat va ruxsatnomalar to‘liq raqamlashtirildi. Lekin haligacha chegarada bu jarayon 4 ta idora tomonidan nazorat qilinayapti. Shu bois, chegaradagi barcha nazorat funksiyalari Bojxona qo‘mitasiga o‘tkazilishi belgilandi.

    Ko‘plab korxonalarimizda xalqaro sertifikat yo‘qligi uchun global logistika zanjirlariga qo‘shila olmayapti. Iqtisodiyotning drayver sohalarida xalqaro standartlarni joriy qilish darajasi 35 foizga ham yetmaydi.

    Shuning uchun Texnik jihatdan tartibga solish agentligi faoliyati to‘liq isloh qilinib, Hukumat tarkibiga o‘tkaziladi. Mutasaddilarga korxonalarda xalqaro sifat tizimlarini joriy etish, sifati kafolatlangan mahsulotlar turini ko‘paytirish, salohiyatli davlatlar bilan milliy sertifikatni ikki tomonlama tan olish bo‘yicha kelishuvlarga erishish vazifasi qo‘yildi.

    Eksportni kreditlashga 200 million dollar resurs berilgan. Bundan tashqari, bu yil eksportyorlarni qo‘llab-quvvatlashga 800 milliard so‘m yo‘naltirilmoqda. Lekin berilgan mablag‘lar, har doim ham, qo‘shilgan qiymatli mahsulot va eksport manbaiga aylanmayapti.

    Shu bois endi eksportni qo‘llab-quvvatlash tizimi ham o‘zgaradi. Eksportni rag‘batlantirish agentligi, Jahon savdo tashkiloti talablari asosida, Savdoni rivojlantirish kompaniyasi sifatida qayta tashkil etiladi. Bu kompaniya beradigan subsidiya, kredit va yordamlar yangi reyting asosida, eng avvalo, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot bilan yangi bozorlarga chiqayotgan eksportchilarga ajratiladi.

    Mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazishda ishonchli logistika zanjirlarini tashkil qilish, mintaqaviy va yirik xalqaro loyihalarni jadallashtirish, tovarlarni bojxona rejimida qayta ishlashni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

    Yig‘ilishda investitsiyalar samaradorligi va galdagi rejalar ham muhokama qilindi.

    So‘nggi olti yilda mamlakatimiz sanoatiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 7 barobar oshgan. Yoki so‘nggi uch yilda xorijdan 14 milliard dollarlik asbob-uskunalar olib kelingan.

    Lekin sanoat ko‘rsatkichlari, yaratilgan ish o‘rni va qo‘shilgan qiymat shunga yarasha oshmagan. Qator hudud va tarmoqlarda ishga tushirilgan korxona va uskunalar eksport natijasiga ta’sir ko‘rsatmagan. Loyihalar samaradorligi ustidan yetarli nazorat olib borilmayotgani tanqid qilindi va mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

    O‘tgan yili baliqchilik, parrandachilik, zargarlik, asalarichilik va ipakchilik tarmoqlarida, Samarqand va Toshkent shaharlarida, shuningdek, 12 ta tuman va shaharda investitsiyalar hajmi nisbatan kamaygan. Ayrim viloyatlarda xorijiy tashriflar va xalqaro ko‘rgazmalar chog‘ida kelishilgan investitsiya loyihalarining ijrosi sust.

    Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga bu loyihalarni alohida nazoratga olib, jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

    Yig‘ilishdagi yana bir mavzu sanoat ishlab chiqarishini ko‘paytirish haqida bo‘ldi.

    Buning uchun yurtimizda 24 ta maxsus iqtisodiy zona tashkil qilingan. Ularga soddalashgan tartibda yer ajratilishi, soliqdan imtiyozlar belgilangan. Lekin bu imkoniyatdan to‘liq foydalanilmayapti. Masalan, respublika bo‘yicha bunday hududlarning infratuzilmasi bor 800 gektar maydoni bo‘sh turibdi.

    Shu bois iqtisodiy zonalarni rivojlantirish bo‘yicha yangi tajriba amalga oshirilishi belgilandi. Xususan, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatidagi maxsus sanoat zonalarining 240 gektar maydoni xorijiy kompaniyalarga autsorsing asosida boshqaruvga beriladi.

    Joriy yilda maxsus iqtisodiy hududlarda 309 ta yirik loyihani amalga oshirib, 40 mingta ish joyi yaratish mumkinligi qayd etildi.

    Davlatimiz rahbari mahalliylashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

    Vazirlar Mahkamasiga hududlarda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish dasturini qabul qilish vazifasi qo‘yildi. Jumladan, talab yuqori bo‘lgan 25 turdagi oziq-ovqat mahsulotini yurtimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, oziq-ovqat korxonalarida xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

    Bunday imkoniyatlar charm sanoatida ham bor. Masalan, aholimizda avtomobil o‘rindig‘i jildlari, sport buyumlari, poyabzal va ayollar sumkasiga talab ko‘p. Shundan kelib chiqib, tarmoq rahbarlariga hududlarda loyihalarni shakllantirish topshirildi.

    Mahalliylashtirish faqat tovarlar emas, xizmatlarda ham bo‘lishi kerak. Xususan, oxirgi besh yilda energetika, neft-gaz va metallurgiya sohalarida katta zavodlar ishga tushdi. Bunday majmualardagi yuqori texnologik uskunalarni ekspluatatsiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha malakali xizmatlarga talab yildan-yilga ortib bormoqda.

    Shuni inobatga olib, Vazirlar Mahkamasiga yirik korxonalarga servis ko‘rsatishda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish bo‘yicha vazifa qo‘yildi.

    – Har bir rahbar fidoyi bo‘lib, vatani va xalqini sevib, tizimi bilan birga o‘z vazifalarini vijdonan bajarsa, biz qo‘yayotgan marralarga albatta erishsa bo‘ladi, – dedi Prezident.

    Yig‘ilish yakunida investitsiya kompleksi rahbarlari, vazirlar va hokimlar joriy yildagi rejalari bo‘yicha axborot berdi.