Investitsiya kodeksini qabul qilish vaqti keldi — Prezident

    Prezidentimiz qayerda qonun ustuvor boʻlsa, oʻsha yerda biznes rivojlanishi, investitsiya muhiti jozibador boʻlishini taʼkidladi.

    Mamlakatimizda ishbilarmonlar sinfi shakllanib ulgurdi. Ular shunchaki tadbirkor emas, iqtisodiyot tarmoqlari, hududlarni rivojiga katta hissa qoʻshayotgan faol investorlarga aylanmoqda.

    Shuningdek, anʼanaviy sarmoyalar bilan birga venchur, bond, kraudfanding, startap kabi zamonaviy investitsiya vositalari ham jadal rivojlanmoqda.

    «Toʻgʻri, bizda investitsiyaviy munosabatlarni tartibga solish, sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilish va ularga sharoitlar yaratish boʻyicha yuzlab hujjatlar bor. Bularni hammasini toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan yagona qonunga birlashtirib, Investitsiya kodeksini qabul qilish vaqti keldi.
    Bu hujjat investitsiya sohasidagi barcha qoida, kafolat va tartib-taomillarni bir tizimga solib, investitsiyalarni ragʻbatlantirishga xizmat qiladi.
    Tadbirkorlar jamoatchilik kengashi biznes muhitni yaxshilash boʻyicha qarorlar tayyorlashda faollik koʻrsatib kelayapti.
    Parlamentimiz yangi kodeksni ishlab chiqishda Jamoatchilik kengashi bilan yaqin hamkorlik qilsa, oʻylaymanki, bu ham katta samara beradi», — dedi Prezident.