Bu jarayonda hududlarda amalga oshirilishi maqsad qilingan loyihalar va ularning nazorati juda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, farovonlik yoʻlidagi rejalar davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida.

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi va ularni oʻz vaqtida, sifatli bajarish yuzasidan muhim koʻrsatmalar berdi.

Qahramon SARIYEV,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi:

– Davlatimiz rahbarining oʻtgan yili 2-oktyabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi navbatdan tashqari sessiyasida hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi hayotini yaxshilash boʻyicha bergan koʻrsatmalari ijrosi boʻyicha maʼlumot taqdim etdik.

Oʻtgan yili 712 loyiha amalga oshirilgan. Joriy yilning yanvar-fevral oylarida esa 52 loyihani ishga tushirdik.

Navbatdagi yangi loyihalar taqdimotida hozirgi kundan yil yakunigacha oldimizda qanday vazifalar turibdi, “Temir daftar”da kimlar qoladi, “Yoshlar daftari”da kimlarni ish bilan band qilamiz, “Ayollar daftari” bilan qanday shugʻullanamiz, buning uchun qancha mablagʻ jalb qilamiz, eksport, eng asosiysi, ish oʻrinlari nima boʻladi, degan savollarga javob berishga harakat qildik.

Yil yakunigacha 711 loyihani ishga tushirishni reja qilganmiz. Bu loyihalar asosan tumanlarda aniqlangan drayverlardan, har bir tumanning “oʻsish nuqtasi”dan kelib chiqqan holda ishlab chiqildi.

Misol uchun, Paxtakoʻpir tumanida chorvachilik, Nukus tumanida meva-sabzavotchilik, Qoraoʻzak tumanida qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi loyihalarni amalga oshirish mumkin. Hozirgi kunda bu loyihalar boʻyicha ish boshlangan. Yoshlar bandligini taʼminlash maqsadida oʻtgan yili Axborot texnologiyalari parki ishga tushirildi. Unda yoshlarimiz oʻzining loyihalarini ishlab chiqishni boshladi. “Asaka” bank yordami bilan loyihalar fabrikasini yoʻlga qoʻydik. Shular asosida yil yakunigacha qoʻshimcha 22 ming ish oʻrinlarini yaratishni reja qilganmiz.

Qoraqalpogʻiston uchun muhim boʻlgan chorvachilik bilan birga, baliqchilikka ham eʼtibor qaratdik. Baliqchilikni intensiv rivojlantirish, yaʼni uyda yoki setkalarda boqish yoʻliga oʻtishimiz zarur.

Meva-sabzavotchilik ham muhim yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Qoraqalpogʻiston sharoitiga mos boʻlgan meva-sabzavotlarni yetishtirish oldimizdagi muhim vazifadir. Uzumzorlar, olma bogʻlarini barpo etishimiz kerak. Shu bilan birgalikda sholi hamda suvni kam talab qiladigan kunjut yetishtirish va uni sanoat usulida ishlab chiqish boʻyicha loyihalarimizni taqdim qildik.

Vermikulitdan foydalanish boʻyicha davlatimiz rahbari tomonidan alohida topshiriq berildi. Yana bir soha – Qoraqalpogʻiston uchun muhim boʻlgan qizilmiya ildizini qayta ishlash zanjirini rivojlantirgan holda, uni plantatsiya usulida yetishtirsak, katta daromad olish imkonimiz mavjud boʻladi. Orol dengizida artemiya sistasini qayta ishlash ham yaxshi samara beradi.

Bir soʻz bilan aytganda, taqdimot qilingan investitsiya loyihalari yuzasidan Prezidentimiz bergan koʻrsatmalarni amalga oshirsak, Qoraqalpogʻistonda yangi rivojlanish bosqichiga yoʻl ochgan boʻlamiz. Pirovardida, xalqimiz turmushi farovonligi yana-da oshadi.