Investitsiya sohasidagi natijalar tanqidiy tahlil qilindi

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni xorijiy investitsiyalarni jalb qilish holati va kelgusi yilgi rejalar muhokamasi boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

    Oʻtgan 10 oyda mamlakatimizga 26 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya kiritilgan. Bu – oʻtgan yilga nisbatan 1,7 barobar koʻp. Shundan qariyb 24 milliard dollari toʻgʻridan toʻgʻri sarmoyalardir.

    Kiritilgan investitsiyalar hisobiga 6 ming 300 ta korxona ishga tushgan, ular 30 trillion soʻmlik qoʻshilgan qiymat yaratgan, eksport 305 million dollarga oshgan. Eng muhimi, bularning natijasida 163 mingta yuqori daromadli ish oʻrni ochilgan.

    Noyabr dekabr oylarida yana 8,6 milliard dollar investitsiya kelishi kutilmoqda.

    Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda investitsiyalarning jalb etilishi hamda loyihalarning bajarilishi har bir hudud va tarmoq kesimida atroflicha tahlil qilindi.

    Sakkizta tuman va shaharda investitsiya koʻrsatkichlari past boʻlgan. Ayrim tarmoqlarda oʻtgan yilga nisbatan kamaygan. Xalqaro moliya institutlari bilan amalga oshirilayotgan baʼzi loyihalar sust bormoqda. Xususan, 17 ta loyihada loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tender jarayonlari kechikkan.

    Yigʻilishda mutasaddilar yil yakunigacha kutilayotgan natijalar va 2025-yilga moʻljallangan rejalar yuzasidan axborot berdi.

    Prezident hududlarning investitsiyaviy faolligini yanada oshirish, bu boradagi yondashuvlarni tubdan oʻzgartirish shartligini koʻrsatib oʻtdi. Masalan, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki mamlakatimiz biznes muhitidagi ijobiy oʻzgarishlarni, iqtisodiyotimizning oʻsish surʼatlarini hisobga olib, xususiy sektor ishtirokidagi loyihalarni ham moliyalashtirishga tayyorligini bildirgan.

    Hududlar bunday imkoniyatlardan unumli foydalanishi, mustaqil mablagʻlar ham jalb etishi kerak. Shu bilan birga, investitsiyalarning nafaqat hajmini, balki sifatini ham oshirish zarur. Yaʼni, jalb qilingan har bir dollar sanoatni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi lozim.

    Yigʻilishda xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy davlatlardan mablagʻ jalb etish hajmlari va yoʻnalishlarini yana bir bor koʻrib chiqish vazifasi qoʻyildi. 2025-yil uchun loyihalarni tarmoq va hududlar kesimida, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik va xususiy sarmoyalar yoʻnalishida aniq belgilab olish muhimligi taʼkidlandi.