Investitsiya va eksport iqtisodiyotni mustahkamlashning muhim omilidir

    Mamlakatimizda 7 Yanvar 2022 1545

    Qoraqalpogʻistonda investitsiyalarni jalb etish va eksportni oshirishning yangi tizimini joriy qilish masalalari muhokama etildi.

    Nukus shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining barcha hududiy boʻlinmalari rahbarlari va xodimlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvning asosiy mavzusi investitsiyalar va tashqi savdo faoliyatini ragʻbatlantirishning yangi tizimi va uni joylarda joriy etishning amaliy jihatlari boʻldi. Tadbir ishtirokchilari investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqishning yangi mexanizmlari, loyihaviy boshqaruv, tadbirkorlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish, foydalanishga topshirilgan ishlab chiqarish obyektlarining monitoringini olib borish, shuningdek, investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlarini amaliy qoʻllab-quvvatlash jarayonida vazirlik va idoralarni muvofiqlashtirish bilan bogʻliq keng koʻlamli masalalarni atroflicha muhokama qildilar.

    Hududda tashkil etilgan hamda vazifalari ishga solinmagan iqtisodiy salohiyatni tahlil qilish, tuman va shaharlarni rivojlantirish strategiyasi va konsepsiyalarini shakllantirish, shuningdek, iqtisodiy ahamiyatga ega loyihalarni ishlab chiqishdan iborat boʻlgan loyiha guruhlarining faoliyati oʻrganildi.

    Tuman va shahar boʻlinmalari xodimlari aniq holatlar va loyihalar misolida biriktirilgan hududlarda yangi tizimni sinovdan oʻtkazish boʻyicha shaxsiy tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar va oʻz faoliyati davomida yuzaga kelgan bir qator muammolarni tilga oldilar. Har bir holat atroflicha koʻrib chiqildi, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga esa zarur koʻrsatmalar berildi.

    Shuningdek, muhokama davomida qatnashchilar u yoki bu tumanning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda yangi tizimni samarali qoʻllash boʻyicha oʻz gʻoya va takliflarini bildirish imkoniga ega boʻldilar.

    Uchrashuv yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan masalalar boʻyicha batafsil tushuntirishlar va joylarda ishlarni sifatli tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.