Investitsiya va tashqi savdo faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma vazifalar muhokama etildi

    Mamlakatimizda 31 Dekabr 2022 1458

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida joriy yil tashqi iqtisodiy faoliyat yakunlarini tahlil etish va tashqi savdo faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha kelgusi chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

    O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjaev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari hamda O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

    Tashqi savdo hajmining o‘sishini ta'minlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, o‘zbekistonlik va xorijlik tadbirkorlar o‘rtasida mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish borasida O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari tomonidan vazirlik, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar samaradorligi qayd etildi.

    O‘zbekistonning aniq hamkor davlatlari kontekstida diplomatik vakolatxonalarning eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faoliyati natijalari tahlil etildi. Geografiyani sezilarli darajada kengaytirish va eksport tuzilmasini diversifikatsiya qilish orqali 2023-yilda 23 milliard dollarlik mahsulot eksporti hajmini ta'minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

    Shu nuqtai nazardan, yevropa Ittifoqining «GSP+» imtiyoz va preferensiyalaridan foydalanish istiqbollari, «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» sanoat ko‘rgazmalarini tashkil etish, raqobatbardosh mahsulotlarni ilgari surish bo‘yicha bo‘lajak import qiluvchi korxonalarni tahlil qilish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazib berishda tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirish muhimligi ta'kidlandi.

    Diplomatik vakolatxonalar rahbarlarining eksport shartnomalari bo‘yicha debitorlik qarzlarini qisqartirish, yangi transport yo‘laklarini rivojlantirish va mahsulotlarni eksport qilish uchun yangi logistika zanjirlarini shakllantirish masalalari bo‘yicha olib borayotgan ishlari tahlil qilindi. O‘zbekistonning tegishli mamlakatlardagi diplomatik missiyalar rahbarlariga O‘zbekiston tovarlari uchun port va tranzit xizmatlariga imtiyozlar olish yuzasidan muzokaralarni faollashtirish, mintaqaviy ahamiyatga molik transport-logistika loyihalari bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni yakunlash, o‘zbekistonlik tadbirkorlarning hamkor mamlakatlardagi dengiz portlaridan uzluksiz foydalanishi ta'minlash, shuningdek, tovarlarni yetkazib berishning muqobil yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli takliflarni ishlab chiqish va yangi imkoniyatlarni o‘rganish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.

    Uchrashuvda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish borasidagi ishlarning borishi ham ko‘rib chiqildi. Ishchi guruhning 6-yig‘ilishiga har tomonlama tayyorgarlik ko‘rish va JSTga a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralarni o‘z vaqtida yakunlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi, deb xabar byueradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.