Investitsiya, tashqi savdo va qishloq xoʻjaligi komplekslaridagi ustuvor vazifalar belgilandi

    Prezident investitsiya va tashqi savdo, qishloq xoʻjaligi komplekslaridagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

    Taʼkidlanganidek, oʻtgan olti oyda iqtisodiyotga 15,5 milliard dollar xorijiy, shundan 14 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritildi. Oʻsish - 2,1 barobar.

    Biroq, har bir dollar investitsiya hisobiga yaratilgan qoʻshilgan qiymat koʻrsatkichi barcha tarmoq va hududlarda ham qoniqarli emas.

    Bu toʻqimachilik, charm, farmatsevtika tarmoqlarida, Sirdaryo va Buxoroda 2 dollarga, Toshkent shahri, Surxondaryo, Jizzaxda esa 2,5 dollarga yetmasligi koʻrsatib oʻtildi.

    Yoki, har 1 ming dollar xorijiy investitsiya soliq tushumini oʻrtacha 600 dollarga oshirgan boʻlsa, Sirdaryo, Navoiy, Jizzax va Surxondaryoda bu 300 dollardan kam.

    Mutasaddilarga investitsiya loyihalari dasturini shakllantirishda ularni puxta tahlil qilish, qoʻshilgan qiymatni karrasiga oshiradiganlarini kiritish topshirildi.