Мoliyalashtirilgan loyihalar tahlil qilindi

    Innovatsion rivojlanish vaziri boshchiligidagi delegatsiya U.A.Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutida bo'lib, moliyalashtirilayotgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarning bajarilishi, tegishli qarorlarga asosan xarid qilingan va ilmiy laboratoriyalarda o'rnatilgan zamonaviy turdagi ilmiy asbob-uskunalar bilan tanishildi. 

    Soʻnggi 3 yil mobaynida U.A.Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutining moddiy texnik-bazasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-noyabrdagi “Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3365-son qaroriga asosan, Institut laboratoriya binosi toʻliq kapital taʼmirlanib, zamonaviy turdagi ilmiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Jumladan, laboratoriya binosini taʼmirlash jarayonida oʻta nozik ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish imkonini beruvchi ISO 5 talablariga javob beruvchi maxsus “Toza xona” (Cleanroom) barpo ham etildi.

    Shuningdek, ushbu qarorga muvofiq, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan zamonaviy turdagi ilmiy asbob-uskunalar xarid qilindi hamda laboratoriyalarga oʻrnatildi. Mazkur ilmiy asbob-uskunalarning xaridi uchun Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan jami 2 mln. 404 ming AQSH dollari ajratilib, toʻliq moliyalashtirildi.

    Ayni paytda institutda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilayotgan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida umumiy qiymati 5 mlrd. 114 mln. 600 ming soʻm boʻlgan jami 8 ta (jumladan, 2 ta fundamental, 3 ta amaliy, 1 ta innovatsion hamda 2 ta qoʻshma hamkorlikdagi halqaro) loyihalar bajarilmoqda. Ushbu loyihalar mablagʻlarning kamida 40 foizi institut laboratoriyalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga sarflanishi nazarda tutilgan. 2021-yilda ushbu mablagʻlar hisobidan institut ilmiy laboratoriyalari uchun 2 mlrd. 430 mln. soʻmlik yangi asbob-uskuna, reaktivlar va sarflanuvchi materiallar xarid qilindi. Jumladan, 1 mlrd. 150 mln. soʻmga fizik jarayonlarni modellashtirishga moʻljallangan zamonaviy superkompyuter, 325 mln. soʻmga Yaponiyaning Shimadzu firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan spektrofotometr hamda qator yangi rusmdagi ossilograflar, tok manbalari, chastotomerlar, chastotali generatorlar va boshqalar xarid qilindi.

    Tashrif yakunlariga koʻra, institutning yangi loyihalarini moliyalashtirish, moddiy-texnika bazasini yanada yaxshilash, yosh olimlarni stajirovkalarga yuborish kabi masalalarni oʻz ichiga olgan “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishildi.

    Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati