Muloqot chogʻida ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli munosabatlarni, xususan, parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Suhbatda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston va Iordaniya xalqlarini mushtarak tarix, madaniy aloqalar va umumiy qadriyatlar bogʻlab turadi. Bugungi kunda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik izchil kengayib bormoqda.
Uchrashuvda 2025-yilda Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning Oʻzbekistonga amalga oshirgan ilk davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi bosqichni boshlab bergani alohida qayd etildi. Ushbu tashrif doirasida imzolangan hujjatlar va qabul qilingan “yoʻl xaritasi” ayni paytda hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Oʻz navbatida, Faysal Akif al-Fayez Oʻzbekiston tomonidan yuzlab falastinliklarga boshpana berilgani, ularga koʻrsatilayotgan ijtimoiy himoya va insonparvarlik yordamini yuksak baholab, Yaqin Sharq mamlakatlari nomidan samimiy tashakkur bildirdi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni jadallashtirish, hukumatlararo qoʻshma komissiya faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda ishbilarmonlar kengashini tashkil etish yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, konchilik, taʼlim va turizm yoʻnalishlarida aloqalarni faollashtirishga eʼtibor qaratildi. Parlamentlar darajasida qonun ijodkorligi va parlament nazorati boʻyicha tajriba almashish muhimligi taʼkidlandi. Qayd etilganidek, shu yilning yanvar oyida Oliy Majlis Senatida Iordaniya parlamenti bilan hamkorlik boʻyicha guruh tashkil etilgan boʻlib, endilikda qoʻmitalar oʻrtasida ham muntazam muloqot yoʻlga qoʻyiladi.
Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Majlis al-Ayon oʻrtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat ikki mamlakat yuqori palatalari oʻrtasidagi hamkorlikni tizimli asosda rivojlantirishga xizmat qiladi. Uchrashuv soʻngida Faysal Akif al-Fayez Oliy Majlis Senatining Faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.