“Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti Xitoyning “North-West” universiteti bilan hamkorlik oʻrnatdi

    Ta'lim 16 Noyabr 2022 1627

    Samarqand shahridagi “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti hamda Xitoyning North-West universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Hujjatda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish, Xitoy va Oʻzbekiston universitetlari talabalari va oʻqituvchilarining toʻsiqsiz harakatlanishi uchun akademik koʻprik oʻrnatish maqsad qilingan.

    Oʻzbekiston tomondan memorandumni imzolagan Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri, “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti rektori Aziz Abduhakimov “North-West” universiteti prezidenti janob Guo Lixonga oʻz minnatdorchiligini bildirib, ikki universitet oʻrtasidagi hamkorlikni yuksak qadrlashini taʼkidladi.

    “North-West” universitetining 120-yillik yubileyi doirasida imzolangan mazkur hujjat “Xitoy – Oʻzbekiston arxeologiya va madaniy merosni muhofaza qilish ilmiy-texnikaviy xalqaro qoʻshma laboratoriyasi”ni tashkil etishga yoʻnaltirilgan.

    Taʼkidlash lozimki, Xitoy – Oʻzbekiston arxeologiya va madaniy merosni muhofaza qilish ilmiy-texnikaviy xalqaro qoʻshma laboratoriyasi “Xitoy va markaziy Osiyoning inson resurslari va atrof-muhitni oʻrganish boʻyicha qoʻshma ilmiy laboratoriyasi”ning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Xitoy ilmiy-texnologiya vazirligi bu ilmiy tadqiqotlar, iqtidorli talabalarni tayyorlash va madaniy almashinuv boʻyicha yetakchi xalqaro markazdir, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.