Videokonferentsaloqa shaklida tashkil etilgan ushbu tadbir Jahon bankining “Orol dengizi havzasida iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish dasturi (CAMP4ASB)” loyihasini amalga oshirish doirasida olib borilmoqda hamda Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (RETSTSA) uning ijro etuvchi agentligi hisoblanadi.

Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston diplomatlari hamda parlament a’zolari, shuningdek, donorlik jamiyatlari (Germaniya Tashqi ishlar vazirligi) va xalqaro tashkilotlar (Jahon banki, Yevropa Ittifoqi, Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati - GIZ, Shveytsariyaning rivojlanish va hamkorlik agentligi - ShARS) vakillari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston delegatsiyasiga Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi Boriy Alixanov boshchilik qildi.

Ishtirokchilar CAMP4ASB loyihasi doirasida erishilgan natijalarni ham milliy, ham mintaqaviy miqyosda ijobiy baholadilar. Ushbu formatdagi uchrashuvlar iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning mintaqadagi oqibatlarini yumshatish sohasidagi mintaqaviy hamkorlikning qonunchilik va siyosiy asoslarini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.

Tadbir davomida Orolbo‘yi mintaqasidagi iqlim o‘zgarishi oqibatlarining oldini olish va xavfini boshqarish sohasida mamlakatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonalari deb e’lon qilish bo‘yicha ilgari surgan tashabbusining dolzarbligi ta’kidlandi.

Kelgusi yilda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha to‘rtinchi Markaziy Osiyo konferentsiyasi (TSAKIK-2021) doirasida tashqi ishlar vazirliklari va parlamentlari formatidagi navbatdagi uchrashuvini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati